Kitobxonni jilmayib, xush kayfiyat bilan kutib oling
Surxondaryo viloyati Sherobod tumani axborot-kutubxona markazida “Kutubxonalar faoliyatining samaradorligini va foydalanuvchilarga xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish” mavzuiga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.
Surxondaryo viloyati axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi, tuman hokimligi mutasaddilari, tuman, shahar axborot-kutubxona markazlari rahbarlari, mas’ul xodimlari ishtirok etgan tadbirda so‘nggi yillarda mamlakatimizda aholi, ayniqsa yoshlarning kitobxonlik va kitob mutolaasi madaniyatini yuksaltirishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi. Bu jarayonda kitobxonlik ommaviy tus olib, kitob mutolaasini keng targ‘ib qilish, turli tanlovlar o‘tkazish ham ajoyib an’anaga aylangani haqida fikr almashildi.

Prezidentimizning 2017 yil 13 sentyabrdagi "Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ib qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi to‘g‘risida"gi qarori bu boradagi ishlar natijadorligini yanada oshirishda muhim omil bo‘lmoqda.
–Kitob xarid qilish va kutubxonani muntazam boyitib borish, kitob saqlash odobi, mutolaa san’ati, o‘qigan asarlarini hayotga tadbiq etish ham kitobxonlik madaniyatining bir bo‘lagidir, – deydi viloyat axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi boshlig‘i Z.To‘rayev. – Hozirgi globallashuv davrida milliyligimizga xos o‘qimishli asarlarni tanlay bilish esa noyob san’atdir. Bu boy ma’naviy ildizlarimizni yanada mustahkamlab, “ommaviy madaniyat” tuzog‘iga ilinib qolishdan asraydi. Yosh avlodni Vatanga muhabbat, yurtga sadoqat, milliy va umumbashariy qadriyatlarga hurmat ruxida kamolga yetkazadi. Kitob o‘qish madaniyatini oshirishda millatimiz ruhiga mos, ma’naviy boylik va oziq beradigan asarlarni o‘qishni targ‘ib etish soha xodimlarining muhim vazifalaridan biridir.

Viloyatda 720 ming nusxa kitob fondiga ega O‘zbekiston Milliy kutubxonasi tarkibiga kiruvchi Adib Sobir Termiziy nomidagi viloyat, 13 ta tuman axborot-kutubxona markazi faoliyat yuritmoqda. Kitobxonlarga 320 nafar xodim xizmat ko‘rsatib, fondlarni to‘ldirish va saqlash, mutolaa madaniyatini oshirish va targ‘ib qilish bilan shug‘ullanayotir. Viloyat, tuman axborot-kutubxona markazlari fondi yaqinda O‘zbekiston milliy kutubxonasi tomonidan taqdim etilgan ikki mingga yaqin yangi adabiyotlar bilan boyidi.

Seminarda axborot-kutubxona faoliyatiga oid me’yoriy-huquqiy hujjatlar ijrosi, o‘z axborot-resurslarini yaratish va sifatli to‘ldirib borish, xizmat ko‘rsatish uslublari, axborot-kutubxona mutaxassisining axloq me’yorlari haqida so‘z yuritildi. O‘zaro tajriba almashish, kutubxonachilarning amaliy ko‘nikmasi va kasbiy mahoratini yanada oshirishga oid taqdimotlar o‘tkazildi.

– Bir vaqtning o‘zida 120 foydalanuvchiga xizmat ko‘rsatish quvvatiga ega markazimiz 31 mingdan ortiq kitob fondiga ega, – deydi tuman axborot-kutubxona markazi rahbari M.Ulug‘bekova. –Xitoyda “Yuzida tabassumi bo‘lmagan inson do‘kon ochmagani ma’qul”, deygan xalq maqoli bor. Shu maqolni kutubxonachiga ham bemalol qo‘llash mumkin. Kutubxonaga tashrif buyuradiganlarni samimiyat bilan qarshi olsak, diqqat bilan tinglasak va tezda so‘ralgan ma’lumotni topib berishga tayyor tursak, albatta u bizning doimiy foydalanuvchimizga aylanadi. Ushbu tadbirda keng ommani kitob o‘qishga jalb etish bo‘yicha o‘zaro tajriba almashganimiz kelgusi faoliyatimizda juda qo‘l keladi.

Seminar doirasida tuman hokimligi, tashkilot va muassasalar, kitobsevar fuqarolar kutubxonaga eng sara kitoblarni sovg‘a qildi. Kitobxon o‘quvchilarning rang-barang badiiy chiqishlari tadbir ishtirokchilariga bir olam quvonch bag‘ishladi.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA