Kitobxonlik tanlovi g‘oliblari aniqlandi
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi Talaba va o‘quvchilarning ijtimoiy faolligini oshirish markazi tomonidan talaba-yoshlar o‘rtasida “Kitobxon yoshlar ligasi” onlayn kitobxonlik tanlovining 3-mavsumi o‘tkazildi.
Unda yurtimizdagi barcha oliy ta’lim muassasalari, akademik litseylar hamda professional ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan 125 ming nafarga yaqin talaba-yosh qamrab olindi.
Tanlov davomida ishtirokchilarga 15 kun muddatda mutolaa qilish uchun Rey Bredberining “Farengeyt bo‘yicha 451 daraja” hamda Tog‘ay Murodning “Otamdan qolgan dalalar” kitoblari vazifa qilib berildi va muddat yakunlangach, shu asarlar asosida ishtirokchilarga jami 150 ta test savollari berildi.
Barcha ishtirokchilar testlarni @kitobtanlovbot orqali onlayn yechdi va yakunda eng yuqori natijaga ega 150 nafar ishtirokchi tanlovning final bosqichida qatnashdi.
Tanlovni shaffof va adolatli o‘tkazish maqsadida intellektual bellashuvning final bosqichida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va barcha viloyatlardagi mas’ul oliy ta’lim muassasalari belgilandi va finalga o‘tgan har bir ishtirokchi mazkur oliygohlarga tashrif buyurib, kuzatuvchi nazorati ostida final testlarini ishladi.
Finalda ishtirokchilarga jami 50 ta test savoli va har bir testni yechish uchun 40 soniyadan vaqt belgilandi.
Har bir hududdagi test ishlash jarayonlari Zoom platformasi orqali tashkiliy ishchi guruh tomonidan kuzatib borildi. Yakunda eng ko‘p to‘g‘ri javob topgan ishtirokchilar g‘olib bo‘ldi.
Jumladan, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti talabasi Dilnavoz Haytahmatova birinchi o‘ringa munosib bo‘ldi. Samarqand davlat chet tillar instituti talabasi Rayhona Toshmurodova, Jizzax davlat pedagogika universiteti talabasi Gavhar Fattoyeva ikkinchi o‘ringa, O‘zbekiston Milliy universiteti talabasi Durdona Madrahimova, Toshkent davlat yuridik universiteti talabasi Abdurayim Ergashev, Navoiy davlat pedagogika instituti talabasi Marjona Mansurova uchinchi o‘ringa loyiq topildi.
Shu bilan birga, tanlov targ‘ibotida faol qatnashib, eng ko‘p referal ball to‘plagan 10 nafar ishtirokchi ham tanlovning “Eng faol targ‘ibotchi” nominatsiyasi g‘olibi deb topildi.
N.Usmonova, O‘zA