Kitobxonlik tanlovi g‘olibi noutbuk bilan taqdirlandi
Andijon viloyati Marhamat tumani hokimi Boburjon Yuldashevning tashabbusi bilan umumta’lim maktablarining yuqori sinf o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan “Zukko kitobxon” tanlovi g‘oliblari munosib rag‘batlantirildi.
Tuman hokimi sovrini uchun umumta’lim maktablarining 9-11 sinf o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan ushbu tanlov o‘quvchilarning kitob o‘qishga qiziqishini, ularning kitobxonlik va mutolaa madaniyatini hamda intellektual salohiyatini yuksaltirishga xizmat qildi.
– Kitob inson tafakkurini charxlovchi eng noyob vositadir, – deydi Marhamat tumani hokimi B. Yuldashev. – Kitob hamma davrlarda insonlarga yaqin do‘st, hamroh va dono maslahatchi bo‘lib kelgan. Yoshlarning kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqishini oshirish, mutolaa madaniyatini yuksaltirish maqsadida o‘tkazilgan tanlovda o‘quvchilarning faol ishtirok etganligini alohida e’tirof etish joiz.
Tanlovning 1-bosqichida g‘olib bo‘lgan 20 nafar zukko kitobxon Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar”, “Mehrobdan chayon”, O‘tkir Hoshimovning “Ikki eshik orasi” hamda Mannob Egamberdiyevning “Sariq ajdar hamlasi” asarlari asosida tuzilgan savol-javoblar bo‘yicha g‘oliblik uchun bahs olib bordi.
Ochiq-oshkora, shaffoflik asosida o‘tgan tanlovning yakuniy natijalariga ko‘ra, birinchi o‘rinni egallagan tumandagi 12-umumta’lim maktabining 11-sinf o‘quvchisi Ra’noxon Raimjonova noutbuk bilan taqdirlandi. Ikkinchi o‘rinni olgan uch nafar yosh kitobxonga oliy o‘quv yurtiga tayyorlov kursida o‘qish uchun olti oylik to‘lov to‘lab berildi, uchinchi o‘rinni olgan olti nafar o‘quvchiga yurtimizning tarixiy shaharlari Samarqand va Buxoroga sayohatga borish uchun yo‘llanma topshirildi.

F. UBAYDULLAEV, Z.UMRZOQOV (surat), O‘zA