Kitob tumanida yangi korxona ish boshladi
Qashqadaryo viloyatining Kitob tumanida sanoatbop ipak qurti urug‘ini ishlab chiqarishga mo‘ljallangan yangi “Kitob silkworm eggs breeding” MCHJ korxonasi ishga tushirildi.
“O‘zbekipaksanoat” uyushmasi axborot xizmatining ma’lumotiga ko‘ra, mazkur loyiha qiymati 2 mln AQSH dollarini tashkil etib, unda 30 ta doimiy va 1 500 ta mavsumiy ishchi o‘rni yaratilgan.

Endilikda ushbu korxona Qashqadaryodagi 6 ta pillachilik klasteri uchun ipak qurti urug‘ini yetkazib beradi. Shuningdek, korxona faoliyati rejasiga ko‘ra, xorijdan keltiriladigan ipak qurti importiga chek qo‘yiladi va keyinchalik urug‘ hajmi ko‘paytirilib, qo‘shni mamlakatlarga eksport qilinishi ham ko‘zda tutilgan.

Shu kunlarda korxonada ipak qurti parvarishining uchinchi mavsumida pilla yetishtirilib, urug‘ tayyorlash jarayonlari boshlab yuborilgan.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA