Kitob taqdimoti: “Mәmleketlik tilde is jurgizio‘”
Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi hisobidan nashr etilgan “Mәmleketlik tilde is jurgizio‘” (davlat tilida ish yuritish) kitobining ikkinchi nashri taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Ma’naviyat va davlat tilini rivojlantirish masalalari departamenti mudiri S.Shukurov, O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi direktori A.Eminov, Qoraqalpoq davlat universiteti rektori A.Reymov, Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy bo‘linmasi rahbari F.Bobojonov yangi nashrdan chiqqan kitobning mazmun-mohiyati va ahamiyatiga to‘xtaldi. Qoraqalpoq tiliga davlat tili maqomi berilganligining 33 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda ta’kidlanganidek, ushbu kitob O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Ma’naviy va davlat tilini rivojlantirish masalalari departamenti tashabbusi bilan 1000 nusxada nashr etildi.

Tadbir yakunida shahar va tuman hokimlari, tashkilotlarning davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya qilinishini ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahatchilari, shuningdek, qoraqalpoq tili professor-o‘qituvchilariga esdalik sovg‘alari, yangi nusxadagi kitob jamlanmasi taqdim etildi.
Dovud Abibullayev, O‘zA