Kinofestival ishtirokchilari – Samarqandda
“Ipak yo‘li durdonasi” XIII Toshkent xalqaro kinofestivali doirasida Samarqand shahrida xorijiy mamlakatlar kino kunlari o‘tkazilmoqda.
Shahardagi “Sharq yulduzi” kinoteatri, “Nurafshon” madaniyat saroyi va “Family Park” savdo-ko‘ngilochar markazidagi kinoteatrda festival qatnashchilari bilan ijodiy uchrashuvlar o‘tkazildi. Xorijiy davlatlar kinofilmlari namoyish etilmoqda.

Jumladan, “Sharq yulduzi” kinoteatrida respublikamiz va belaruslik taniqli aktyor, prodyuser va rejissyorlar ishtirokidagi uchrashuvda Toshkent xalqaro kinofestivalining tiklanishi mamlakatimizda kino san’atini rivojlantirish, dunyo kinoijodkorlari bilan tajriba almashish va hamkorlik qilish uchun keng imkoniyatlar yaratishi ta’kidlandi.
Shundan so‘ng Belarus kinoijodkorlarining “O‘yinchi taqdiri” (“Pravila geymera”), “Prantish Virvichning sarguzashtlari” (“Avantyurы Parantisha Vыrvicha”), “Qo‘poruvchi taqdiri” (“Sudba Diversanta”) filmlari namoyish etildi.

Mashhur rejissyor va prodyuser Dmitriy Astraxan tomonidan suratga olingan “Qo‘poruvchi taqdiri” filmi tomoshabinlarga manzur bo‘ldi.
- Film Ikkinchi jahon urushida quruqlikda olib borilgan eng yirik qo‘poruvchilik operatsiyasi haqida, - deydi Dmitriy Astraxan. – Bu davrda nemis bosqinchilariga qarshi kurashgan sovet askarlarining qahramonliklari filmning asosiy mazmunini tashkil etadi. Filmni suratga olishda arxiv ma’lumotlaridan keng foydalanib, qahramonlar obrazini yaratdik.
Kino kunlari bugun ham davom etmoqda.
G‘.HASANOV, O‘zA