Kimlar davlat bojini to‘lashdan ozod qilinadi?
Og‘ir ahvolga tushib qolgan va og‘ir ahvolga tushish xavfi yuqori bo‘lgan shaxslar va oilalar manfaatlarini ko‘zlab, da’volar, arizalar va shikoyatlar bilan sudga murojaat etilganda, davlat bojini to‘lashdan ozod qilish masalasi ko‘rilmoqda.
Ushbu tartiblarni o‘z ichiga olgan qonun loyihasi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishida ko‘rib chiqildi. Ijtimoiy xizmat va yordamlar ko‘rsatish tizimini takomillashtirishga qaratilgan ushbu qonun loyihasi bilan Soliq kodeksi hamda 7 ta qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Unga ko‘ra, o‘zgalarning parvarishiga muhtoj bo‘lgan 80 yoshga to‘lgan qariyalarga qarab turilgan vaqtni ish stajiga qo‘shib hisoblashda davolash muassasasining xulosasini chiqarib tashlash, Ijtimoiy himoya milliy agentligining xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish sohasidagi vakolatlarini belgilash taklif etilmoqda.
Shuningdek, o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz yashovchi hamda yolg‘iz keksa va nogironligi bo‘lgan shaxslarning yo‘qolgan yoxud yaroqsiz holga kelgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining identifikatsiyalovchi ID-kartasi (biometrik pasporti)ni almashtirib berishda hamda “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari direktorlarining qaroriga asosan muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslar Ijtimoiy himoya milliy agentligi huzuridagi uy-joy fondiga vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga qo‘yilganda, davlat bojidan ozod qilish ko‘zda tutilmoqda.
Muhokamalarda so‘z olgan fraksiya a’zolari qonun loyihasi O‘zXDP elektorati manfaatlarini himoya qilishga qaratilganini alohida e’tirof etib, uni yanada takomillashtirish yuzasidan taklif va fikr-mulohazalarini bildirdilar.
M.Komilova, O‘zA