Kichik serjant xizmati munosib eʼtirof etildi
Tojdor virusga qarshi jang maydonida mardona kurashayotgan, infeksiya oʻchogʻida ishlayotgan shifokoru harbiylar mehnati tahsinga loyiq.
Mukofot muborak!
Tojdor virusga qarshi jang maydonida mardona kurashayotgan, infeksiya oʻchogʻida ishlayotgan shifokoru harbiylar mehnati tahsinga loyiq.
Hamma oʻz sogʻligʻi haqida qaygʻurayotgan bir paytda elimiz salomatligini asrash yoʻlida kunni tunga ulayotgan fidoyilarimiz yurtga, kasbiga sadoqat bilan xizmat qilmoqda. Bu jarayonda tibbiyot xodimlarini kerakli manzilga eltish, ularning yonida turib, xalqimizga astoydil koʻmak berishda haydovchilarning hissasi kam boʻlayotgani yoʻq.
Tibbiy xizmat koʻrsatish, taʼminot yoki dezinfeksiya ishlarida albatta transport vositasiga ehtiyoj tugʻiladi. Kichik serjant Abdulaziz Boʻtaboyev Toshkent harbiy okrugiga qarashli harbiy qismda kimyogar-haydovchi sifatida xizmat oʻtamoqda. Yurtimizda karantin eʼlon qilinganidan beri toʻrt oydirki, u ham tinim bilgani yoʻq. Ish koʻp, vaqt tigʻiz. U bilan “ikki ogʻiz” suhbatlashish va suratga tushirishni yoʻl-yoʻlakay amalga oshirdik. Chunki ortga chekinmayotgan virus tarqalishining oldini olishda har daqiqa gʻanimat.
Sahar soat besh. Abdulaziz dezinfeksiyaga chiqish uchun “ARS-14” rusumli “Zil” avtomobili va yoʻl varaqalarini shay holatga keltiradi. Bu avtomobil zaharli, radiofaol moddalarni degazatsiya, dezaktivatsiya, yaʼni zararlantirish, dezinfeksiya qilishga moʻljallangan maxsus mashina hisoblanadi. Uning ishchi hajmi 2500 litr suv sigʻimiga ega. Shuncha suv olib kelinganidan soʻng mutaxassislar unga gipoxlorid natriy va gipoxlorid kalsiyning dozasini oʻlchab, dezinfeksiya uchun belgilangan miqdorda aralashma tayyorlaydi. Tajribali haydovchi yonilgʻi, suvni koʻzdan kechirgach, otryad tarkibida manzilga – oʻzlariga biriktirilgan poytaxt tumaniga otlanadi. Bu hududdagi dehqon bozorlari, savdo majmualari, mahallalar, koʻp qavatli uylar, koʻchalar va boshqa jamoat obyektlarida qilinayotgan dezinfeksiya tadbirlari virus tarqalishiga oz boʻlsada, chek qoʻyadi.
– Mashinadagi suv katta qatnov yoʻllariga purkab sepilgani uchun oʻrtacha 500-600 metr kvadrat joyni dezinfeksiya qilishi mumkin, – deydi kichik serjant A. Boʻtaboyev. – Ammo bozor rastalari kabi mashina kira olmaydigan obyektlar 40 metrli shlang bilan dezinfeksiya qilinganda undagi suv koʻproq joyga yetadi. Bu jarayon kundalik ish tartibimizga aylanib ulgurgan.
Kichik serjant Abdulaziz Boʻtaboyevning Vatan himoyachisidek sharafli kasbni tanlashida akalarining alohida oʻrni bor. Ayni paytda uning bir akasi harbiylik kasbidan nafaqaga chiqqan. 1978-yilning avgustida Yozyovon tumanida tugʻilgan qahramonimiz ham bu kasbni tanlab, kam boʻlgani yoʻq. Qurolli Kuchlar harbiy xizmatchilarining ijtimoiy himoyasiga qaratilayotgan eʼtibor samarasi oʻlaroq, u 2011-yili poytaxt viloyatidan ikki xonali uy sohibi boʻldi.
Endi suhbatimizga sabab boʻlgan xushxabar haqida toʻxtalsam. Prezidentimizning yaqinda eʼlon qilingan tegishli farmoniga muvofiq, koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashishda fidoyilik koʻrsatgan yurtdoshlarimizdan bir guruhi faxriy unvon, orden va medallar bilan mukofotlandi. Ular orasida qahramonimiz ham bor.
Koronavirus pandemiyasi tufayli yuzaga kelgan murakkab va sinovli kunlarda hayoti va sogʻligʻini xavf ostiga qoʻyib, mavjud xatarlarga qarshi kurashish, infeksiya keng tarqalishining oldini olish, oʻz burchi va qasamyodiga sodiq qolib, zimmasiga yuklangan vazifalarni bajarish yoʻlida fidoyilik koʻrsatgan harbiylarimiz koʻpchilikka oʻrnak boʻlishi shubhasiz.
– Davlat mukofoti bilan taqdirlanganlar orasida borligimni eshitganimda tungi soat oʻn ikki edi. Quvonchimni soʻz bilan ifodalash qiyin, – deydi “Shuhrat” medali sohibi, kichik serjant Abdulaziz Boʻtaboyev. – Bizni har tomonlama qoʻllab-quvvatlayotgan davlatimizning yuksak eʼtibori, elning duosi gʻayratimga yana-da shijoat qoʻshadi.
Hozirgi sinovli kunlarda matonat bilan ishlayotgan salomatligimiz posbonlari, yurt himoyachilariga oson boʻlmayotgani barchamizga ayon. Ayni paytda kimyogar-haydovchi xatar oʻchogʻida yurgani bois, yaqinlari diydorini koʻzi qiymay, turmush oʻrtogʻi va uch farzandini ota uyiga, Fargʻonaga yuborgan. Jigargoʻshalari bilan faqat qoʻngʻiroqlashishi mumkin. Toʻgʻri, oilasi olisda, ammo sogʻliq hammasidan muhimligini u toʻgʻri anglaydi.
Mukofot sohibini biz ham chin dildan tabriklab, xayrlashdik.
“Vatanparvar” gazetasi muxbiri
Dilshod ROʻZIQULOV
OʻzA uchun maxsus tayyorladi.