“Kichik biznes va ish o‘rinlari koalitsiyasi”dan qanday natijalar kutilmoqda?
Mamlakatimizda xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash, tadbirkorlikni rivojlantirish va yangi ish o‘rinlarini yaratish iqtisodiy siyosatning ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qolmoqda. Shu maqsadda xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlikni kengaytirish, investitsiyalarni jalb etish hamda biznes muhitini yanada takomillashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Iqtisodiyot va moliya vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Norqulov va Jahon bankining moliya, raqobatbardoshlik va innovatsiyalar bo‘yicha amaliyot menejeri Sesil Tioro Niang o‘rtasida o‘tkazilgan uchrashuvda shu haqda so‘z bordi.
Vazirlik mutaxassislari, “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” AJ vakillari, Jahon bankining O‘zbekistondagi loyihalari rahbarlari hamda tegishli tashkilotlar xodimlari ishtirok etgan ushbu muloqotda xususiy sektorni rivojlantirish, kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash, eksport salohiyatini oshirish, investitsiyalarni jalb etish hamda aholi, ayniqsa yoshlar uchun barqaror va munosib ish o‘rinlarini yaratish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Uchrashuvda xalqaro moliya institutlari, davlat idoralari va xususiy sektor vakillari ishtirokida shakllantirilayotgan “Kichik biznes va ish o‘rinlari koalitsiyasi” tashabbusining keyingi bosqichlari ham ko‘rib chiqildi. Ta’kidlanganidek, mazkur platforma tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan dastur va resurslarni muvofiqlashtirish, tashabbuslar takrorlanishining oldini olish hamda amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, koalitsiya doirasida biznes muhitini yaxshilash, moliyaviy resurslardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, grant mablag‘lari va texnik ko‘mak dasturlaridan samarali foydalanish, xususiy investitsiyalarni jalb qilish hamda zarur infratuzilmani rivojlantirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Muzokaralar chog‘ida Jahon banki bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan “Ish o‘rinlari va iqtisodiy o‘sish uchun moliyalashtirish imkoniyatlarini kengaytirish” (FINGROW) loyihasining joriy holati va istiqboldagi vazifalari muhokama qilindi. Qayd etilishicha, loyiha tadbirkorlik sub’ektlarining moliyaviy resurslarga yetib borish imkoniyatlarini kengaytirish, kafillik mexanizmlarini takomillashtirish hamda innovatsion va energiya samarador biznes tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.
Bundan tashqari, “Sifatli ish o‘rinlari, investitsiyalar va inklyuziv transformatsiyani jadallashtirish” (SaBIIT) loyihasining asosiy yo‘nalishlari ham ko‘rib chiqildi. Ushbu tashabbus yuqori o‘sish salohiyatiga ega startaplar, yangi eksportyorlar va modernizatsiyaga tayyor korxonalarni qo‘llab-quvvatlash, ularning mahsuldorligini oshirish hamda xalqaro qiymat zanjirlariga integratsiyalashuvini rag‘batlantirishda muhim.
Tomonlar Jahon bankining “B-READY” submilliy tadqiqoti doirasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida ham fikr almashdi. Ma’lum qilinishicha, tadqiqot doirasida hududlarda biznes yuritish sharoitlari tahlil qilinib, qurilishga ruxsat berish, xalqaro savdo operatsiyalari va mulk huquqini ro‘yxatdan o‘tkazish kabi yo‘nalishlardagi amaliyotlar baholanadi.
Uchrashuv yakunida tomonlar xususiy sektorni rivojlantirish, tadbirkorlik sub’ektlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va yangi ish o‘rinlarini yaratishga qaratilgan hamkorlikni yanada mustahkamlashga tayyor ekanliklarini bildirdi.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA