Kiberjinoyatchilikning oldini olish – muhim vazifa
“Kibermadaniyatni yuksaltirish oyligi” munosabati bilan Andijon viloyati ichki ishlar boshqarmasi tomonidan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Tadbirda ommaviy axborot vositalari, davlat, nodavlat tashkilotlari axborot xizmatlari vakillari, blogerlar, soha mutaxassislari ishtirok etdi. Unda viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari, podpolkovnik Jonibek Davronov, Ichki ishlar vazirligi Tezkor qidiruv xizmati Kiberxavfsizlik markazi mas’ul xodimi, mayor Umidjon Xamraqulov oylikning maqsad va vazifalari, viloyatda o‘tkaziladigan tadbirlar xususida ma’lumot berdi.
[gallery-18135]
Anjumanda so‘nggi yillarda axborot-kommunikatsiya vositalaridan foydalangan holda sodir etilayotgan jinoyatlar ko‘rsatkichi nafaqat O‘zbekistonda, balki butun dunyoda ortib borayotganligi, bugungi kunga kelib, kiberjinoyatchilikning oldini olish, bu boradagi targ‘ibot ishlarini kuchaytirish, aholining bilim va tushunchalarini boyitish muhim vazifalardan biri ekanligi alohida qayd etildi.
– Tahlillarga ko‘ra, oxirgi to‘rt yilda mamlakatimizda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari orqali sodir etilgan jinoyatlar 16,9 baravarga ortgan, – deydi Ichki ishlar vazirligi Tezkor qidiruv xizmati Kiberxavfsizlik markazi mas’ul xodimi, mayor Umidjon Xamraqulov. – Xususan, 2023 yilda qayd etilgan kiberjinoyatlarning 76,3 foizini elektron to‘lov vositalari orqali sodir etilgan o‘g‘rilik va firibgarlik jinoyatlari tashkil etadi.
Anjumanda mutasaddilar tomonidan viloyatda kiberjinoyatlarning oldini olish hamda aholi, xususan, yoshlarning kiber olamdagi tahdidlarga nisbatan bilim va tushunchasini oshirish maqsadida IIV kiberxavfsizlik markazi manfaatdor idora va tashkilotlar bilan hamkorlikda tadbirlarda innovatsion targ‘ibot usullaridan keng foydalanilishi aytib o‘tildi.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (foto),
O‘zA muxbirlari