Kiber jinoyatchilik: Muammoning yechimi nimada? (+video)
Bank kartalari bilan bog‘liq jinoyatlarning oldini olish va aholi o‘rtasida raqamli immunitetni shakllantirish, shuningdek, Prezidentimizning 2022 yil 3 fevraldagi “Internet tarmog‘ida sodir etilayotgan huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 117-sonli qarori ijrosini ta’minlash maqsadida joriy yilning 20 fevral kunidan boshlab 10 kun davomida Toshkent shahrining bank kartalari bilan bog‘liq murojaatlar eng yuqori bo‘lgan Olmazor, Yunusobod va Chilonzor tumanlarida kiber jinoyatlarga qarshi kurashish bo‘yicha “Cyber 10 day” targ‘ibot tadbirlariga start berilgan edi.
Ana shunday tashviqot tadbirlaridan biri kuni kecha Yunusobod tumanida joylashgan TATU qoshidagi akademik litseyida ham o‘tkazildi. Unda IIV tizimidagi Kiberxavfsizlik markazi mas’ul xodimlari, mahalla va litsey yoshlari ishtirok etishdi. Yig‘ilish tashkilotchilari aholi o‘rtasida bank karta boshqaruvini tasdiqlovchi kodni oshkor etish orqali pul mablag‘lari talon-taroj qilinishi, shaxsiy ma’lumotlarni internet tarmog‘i orqali begona shaxslarga taqdim etish oqibatida yuzaga kelayotgan muammolar, hamda global tarmoq orqali sodir etilayotgan boshqa jinoyatlarning og‘ir oqibatlaridan xabardor qilishga qaratilgan tushuntirishlar berdi.

-Jinoyatni fosh qilishdan ko‘ra, uni oldini olgan ma’qul, -deydi O‘zbekiston Respublikasi IIV Kiberxavfsizlik markazi mas’ul xodimi Bobur Usmonov. – Xuddi shu maqsadda kiberjinoyatlarga qarshi kurashishni targ‘ib qiluvchi, hamda kiberjinoyatlardan ogoh bo‘lishga qaratilgan innovatsion yondashuv asosida mahalla, katta yoshdagi aholi vakillari va blogerlar o‘rtasida "Eng yaxshi mahalla", "Bank kartasi kodini hech kimga bermayman", "Eng yaxshi kontent", "Eng yaxshi monolog" kabi tanlovlar ham o‘tkazyapmiz. Niyatimiz aholining kiberjinoyatlarga qarshi immunitetini oshirish, internet tarmoqlaridagi firibgarlarning aldoviga osongina chuv tushmaslik holatlarining oldini olishdan iborat.
Aholini yanada ogohlikka chaqirish maqsadida ushbu targ‘ibot tadbirlari mahallabay, xonadonbay va fuqarobay shaklda aholining har bir qatlami o‘rtasida olib borilmoqda.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/-5pjPz53M7Q" title="Kiber jinoyatchilik: Muammoning yechimi nimada?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>O‘tkir Alimov, Doniyor Yoqubov (video), O‘zA