"Kepak" operatsiyasi fosh etildi
Bojxona to‘lovlaridan qochish maqsadida tovarlarni yo‘l-yuk kuzatuv hujjatlarida ko‘rsatmagan holda respublikamiz hududiga turli noqonuniy yo‘llar bilan olib kirilishining oldini olish bo‘yicha bojxona organlari tomonidan tizimli ishlar olib borilmoqda.
Xususan, Toshkent shahar bojxona boshqarmasining "Chuqursoy texnik idora" bojxona posti xodimlari tomonidan xorijdan temir yo‘l vagonida keltirilgan kepak tovarlariga tegishli yuk hujjatlari bojxona ko‘rigidan o‘tkazildi.

Natijada, mazkur temir yo‘l vagonida yo‘l yuk hujjatlarida ko‘rsatilmagan, kepak tovarlari orasiga mohirlik bilan yashirilgan qiymati 870 mln. so‘mlik shakar tovarlari borligi aniqlandi.
Umumiy og‘irligi 58 tonnani tashkil etuvchi mazkur tovarlarni noqonuniy yo‘llar bilan olib kirish orqali davlat byudjetiga 691 mln.so‘mlik bojxona to‘lovlarini to‘lashdan qochishga urinish rejasi amalga oshmadi.
Hozirda tovarlar vaqtincha saqlovga olinib, holat yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Sh.Mamaturopova, O‘zA