Kelgusi yil hosiliga tayyorgarlik
Buxoro viloyati Qorako‘l tumanida joriy dehqonchilik mavsumida 12,5 ming tonnadan oshiq g‘alla, qariyb 30 ming tonna sanoat uchun qimmatbaho xom ashyo – paxta, 256 tonnadan ziyod “kumush tola” — pilla yetishtirildi.
Hududda faoliyat olib borayotgan 300 ga yaqin fermer xo‘jaligida erishilgan yutuq, jamoalar ixtiyorida qoldirilgan sara bug‘doy, qo‘lga kiritilgan moddiy manfaatdorlikni bir so‘z bilan ifodalash mushkul. Gektarlar hosildorligi yil sayin oshirilayotgan fermer xo‘jaliklarida shu kecha-kunduzda agrotexnik talablariga muvofiq, kelgusi yil hosiliga tayyorgarlik, bir tomonda hosildan bo‘shagan ekin yerlarini chuqur shudgorlash, “sho‘r yuvish”ga tayyorlash, ekin yerlarini chilla suviga qondirish, ikkinchi tomonda esa ekib undirilgan g‘alla nihollari parvarishini me’yorida olib borish tadbirlari qizg‘in davom ettirilmoqda.
Tumanning Chovli hududidagi “Bog‘i eram zamini”, “Do‘konchalik Jumaboy polvon”, “Ovodon momo”, Qoraun hududida faoliyat yuritayotgan “Boboqul Onda”, “Ochil bobo – 2018”, “Sattor Rustam paxtakor”, Qorahoji hududidagi “Nihol M”, “Yaxshimurod paxtakor”, “Ahmad Ro‘ziqul”, Mallaishayx hududidagi “Bog‘i Shabnam chorvador”, “Madina Ibrohim Farmon”, “Rasul Jabbor Ibrohim”, Sayyot hududidagi “Firdavs Suxrob paxtakor”, “Tohir – Zohir paxtakor”, “Qorako‘l” hududidagi “Polvon Yangiyev”, “Davlat nav sinash uchastkasi”, “G‘ofur Razzoq” kabi ko‘plab fermer xo‘jaliklarida yerlarni kelgusi yil hosiliga, ekishga tayyorlash maqsadida chuqur shudgorlashga e’tibor qaratilmoqda.

Xo‘jaliklarda tuproq unumdorligini oshirish, irrigatsiya va melioratsiya ishlarini rivojlantirish, pirovardida mo‘l hosil yetishtirish maqsadida sug‘orishning innovatsion, resurs tejamkor usullariga o‘tilayotgani e’tiborga molik. Bu borada xususan, “Merganteks” va “Qorako‘l Kumush kalava” paxta-to‘qimachilik klasterlari tasarrufidagi o‘nlab fermer xo‘jaliklarining jami 2 ming 113 gektar yerida tomchilatib sug‘orish texnologiyalaridan unumli foydalanilayotgani ham o‘z samarasini bermoqda. Hozirda bu kabi tadbirlar keng quloch yoymoqda. Jumladan, 14 ta fermer xo‘jaligida tomchilatib sug‘orish texnologiyasi joriy etilayotgani albatta, mahsuldorlikni oshirmoqda. Chunonchi, bu usul agrotexnikasi “Razzoq Navro‘z” fermer xo‘jaligida 40, “Mo‘ynachi hunarmand” va “Hayit Navro‘z” fermer xo‘jaliklarining har birida 30 gektarni tashkil etmoqda. Qolaversa, chuqur shudgorlashdan oldin o‘ndan ortiq fermer xo‘jaligida ekin yeri lazer zamonaviy qurilmasi vositasida tekislangani ishchi kuchi, texnika – mexanizatsiya hamda suv sarfini iqtisod qilish, yerdan barakali hosil yetishtirish garovidir.
Shu kecha-kunduzda esa tuman hududlarida “CASE”, “Magnum”, “MX–1200”, “Orion” kabi 49 ta yuqori unumli texnikalar kuchidan foydalanilgani holda ekin yerini chuqur shudgorlash jarayoni davom ettirilmoqda. Agroinspeksiya tomonidan tumanning “Qorahoji” hududidagi “Usmon Izzat”, “Asqar Hamro Hakimboy”, “Quvacha” hududidagi “Jo‘rabek–Diyorbek”, “Jig‘achi” hududidagi “Jig‘achi omad tuzkon”, “Ziyorat” hududidagi “Asliddin obod”, “Farhod Behruz”, “Quvvat Rustam”, “Darg‘ali” hududidagi “Maxtumquli Ibragimov”, “Behzod Tursun”, shuningdek, “Qoraun” hamda “Qozon“ hududlaridagi qator fermer xo‘jaliklarida borayotgan agrotexnik tadbirlar o‘rganilib, fermer va mexanizatorlarga zarur tavsiya va topshiriqlar berilmoqda.
Xuddi shunday, hosildan bo‘shagan ekin yeri bilan bir qatorda tumanda mavjud 326 gektar mevazor, 191 gektar tokzor bog‘ oralari shudgor qilinib, qishki bostirib sug‘orish tadbirlariga tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Mavsum oldidan esa hududdagi ekin yerlarining “qon tomiri” sifatida 126 kilometrga yetgan suv yo‘li va ariq texnika va mexanizmlar vositasida, xo‘jaliklararo o‘tgan 1 ming 500 kilometrga yaqin ariq esa fermer xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari qo‘l kuchi – hashar yo‘li bilan tozalanadi.
Zarif Komilov, O‘zA