Kelajak liderlari klubi: amaliy ishlar sarhisobi
Nurafshon shahrida Toshkent viloyati Kelajak liderlari forumi bo‘lib o‘tdi. Unda Viloyat hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Zuhra Mirgaziyeva, Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi boshlig‘i Miraziz Mirsultonov, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Toshkent viloyati filiali rahbari vazifasini bajaruvchi Anvarjon Hasanov, klub a’zolari, davlat va jamoat tashkilotlari xodimlari, OAV vakillari ishtirok etdi. Qayd etilganidek, hozir viloyatda 2,9 million aholi bo‘lib, shundan 30 yoshgacha bo‘lganlar 1,6 million (53 %) nafarni tashkil etadi.
Ma’lumki, avvallari davlat organlari va tashkilotlarida 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlarning ulushi kamligi (Toshkent viloyatida mavjud 9 ming 647 nafar davlat fuqarolik xizmatchilaridan 2 ming 628 nafari ya’ni 27,2 foizi yoshlar), yoshlarni davlat xizmatiga keng jalb etish yuzasidan ishlarning tizimli ravishda tashkil etilmaganini ko‘rsatdi. Yoshlar va davlat tashkilotlari rahbarlari orasida aloqa yo‘qligi, ushbu tashkilotlar faoliyatida ularning bevosita ishtirok eta olish imkoniyati rasmiyligicha qolayotgani kabi bir qator muammolar mavjud edi.

Prezidentimiz joriy yil 30 iyun kuni O‘zbekiston yoshlari va talabalari forumida so‘zlagan nutqida istiqbolli kadrlar zaxirasini shakllantirish maqsadida «Kelajak liderlari» klublari tashkil etilishi kerakligi alohida ta’kidlandi. Shundan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish Agentligi tomonidan oliy ta’lim muassasalari talabalari, davlat organlari va tashkilotlarida faoliyat yuritib kelayotgan 21 yoshdan 35 yoshgacha bo‘lgan yigit-qizlar uchun mazkur klubni tashkil etish bo‘yicha tanlov e’lon qilindi. Barcha hududlar qatori Toshkent viloyatida ham katta qiziqish bilan tashkil etilgan liderlar klubiga 40 nafar yigit-qiz saralab olindi. Ularning 30 nafari davlat xizmatchilari, 10 nafari talaba hisoblanadi.

Forumda klub a’zolarining 90 kunlik ish faoliyati bo‘yicha maxsus videorolik namoyish qilindi. Unda bevosita klub a’zolarining joylardagi ishlab chiqarish, xalq xo‘jaligining turli tarmoqlari va davlat idoralaridagi faoliyati, ish yuritish tartibi bilan yaqindan tanishuvlari aks etgan.

– O‘tgan vaqt davomida mazkur klub a’zolari viloyat hayotiga oid turli jabhalarda ijtimoiy faolligini ko‘rsatdi, – deydi Toshkent viloyati «Kelajak liderlari» klubi prezidenti Akbar Sobirov. – Men Toshkent tibbiyot akademiyasi talabasiman va shu yo‘nalishda izlanishlar olib boryapman. Birgina "Covid-19 kasalligiga qarshi ishlatiladigan dori vositalarining farmakoekonomik ahamiyati» mavzusida ilmiy ishimdan ko‘zlangan maqsad pandemiya davrida mamlakatimiz iqtisodiyotiga har tomonlama foyda olib keladigan eng qulay va foydali dori vositalari to‘plamini analiz qilishga mo‘ljallangan. Bundan tashqari, joriy yil sentyabr oyida Belarus davlat tibbiyot universitetida malaka oshirib qaytdim. Jamoamizda men kabi ko‘plab yoshlar bor. Ular bilan muntazam muloqot qilib yangi loyihalar ustida ishlaymiz.

Hozir klubda faollik ko‘rsatgan a’zolarga kredit-ball tizimida tegishli ballar qo‘yib borilyapti. Yosh liderlar ushbu ballarni klub tomonidan taqdim etiladigan imtiyozlarga almashtirishi mumkin. Bundan tashqari, klub a’zolari bilim va tajribasini oshirish maqsadida chet tillar bo‘yicha bilimini oshirish, kompyuter dasturlarini o‘rganish maqsadida turli yo‘nalishlarda onlayn darslar o‘tilyapti.
Tadbirda yoshlarning turli startap loyihalari taqdimoti ham o‘tkazildi. Klub a’zolarining faoliyat samaradorligini baholash natijalari bo‘yicha eng faollarga esdalik sovg‘alari topshirildi.
A.Musayev, O‘zA