“Kelajak dramaturglari” loyihasiga start berildi
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida “O‘zsanoatqurilishbank” ATB bilan hamkorlikda teatr san’atida ijodiy hamkorlikni rivojlantirish va iqtidorli yosh dramaturglarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan “Kelajak dramaturglari” loyihasi doirasida ilk ijodiy seminar bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2026-yil 1-iyun kuni mamlakatimiz adabiyot, madaniyat va san’at namoyandalari, ijodkorlar hamda soha mutaxassislari bilan o‘tkazgan uchrashuvi sohani rivojlantirishda muhim tarixiy voqea bo‘ldi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid milliy adabiyotimiz rivojiga hissa qo‘shgan zahmatkash ijodkorlar haqida sahna asarlari yaratish bugun dolzarb ekani, bu jaryonda dramaturglar, iste’dodli yoshlar faol izlanishlari zarurligini ta’kidladi.
“Kelajak dramaturglari” ijodiy loyihasi Prezidentning “Madaniyat, san’at va adabiyot sohalarini yanada rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli topshiriqlari va Adabiyot va noshirlik ijodiy birlashmasining ish rejasi ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etdi.
Loyihaning asosiy maqsadi – mamlakatimizning sifatli va istiqbolli ijodkorlarini aniqlash, ularning salohiyatini oshirish hamda milliy dramaturgiyani yangi, mazmundor asarlar bilan boyitishdan iboratdir.
– “Kelajak dramaturglari” loyihasi yosh ijodkorlar uchun katta maydon va imkoniyatdir. Bizning asosiy maqsadimiz – milliy adabiyotimiz namoyandalarining boy merosi va ibratli hayot yo‘lini bugungi sahna tiliga ko‘chirishdir, – dedi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining yoshlar ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Farida Afro‘z. – Loyihaga ajratilgan mablag‘ yosh dramaturglarimizni ham moddiy, ham ma’naviy tomondan qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi. Umid qilamizki, ushbu seminarlar natijasida teatrlarimiz repertuari zamon bilan hamnafas, badiiy yuksak va ijtimoiy ahamiyatga ega yangi asarlar bilan boyiydi».
Loyiha doirasida saralab olingan 25 nafar yosh dramaturgga 25 ta atoqli o‘zbek adiblari va shoirlarining hayoti hamda ijodiga bag‘ishlangan yangi milliy pesalar yozish buyurtma qilinadi. Yaratilgan sahna asarlari keyinchalik mamlakatimiz teatrlarida sahnalashtirish uchun O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligiga tavsiya etiladi.
[gallery-31979]
Loyihaning Ekspertlar guruhi a’zosi, “Teatr va kinodramaturgiya” kengashi raisi Usmon Azim ushbu jarayonning muhimligiga to‘xtalib, shunday deydi:
– Dramaturgiya – adabiyotning eng murakkab va mas’uliyatli turlaridan biri. Bugungi yoshlarga vatandosh adiblarimiz hayoti haqida pesa yozish mas’uliyati yuklatilmoqda. Ekspertlar guruhi sifatida biz yoshlarga pesaning konflikt tizimi, syujet qurilishi va sahnaviy mantiqi bo‘yicha yaqindan ko‘maklashamiz, ularga ustozlik maslahatlarini berib boramiz.
Loyiha koordinatori va ishchi guruh a’zosi Shodi Otamurodning so‘zlariga ko‘ra, seminarlar ikki bosqichda tashkil etilib, 2027-yilning mart oyiga qadar davom etadi. Ishchi guruh tomonidan tadbirning tashkiliy, uslubiy va axborot ta’minoti to‘liq yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, saralab olingan ishtirokchilar uchun sohaning eng yetakchi dramaturglari, rejissyorlari va teatrshunoslari ishtirokida mahorat dars hamda amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Seminarda ishtirok etayotgan yosh dramaturg Bobur Hamroyev o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi:
– Bunday keng miqyosli loyihada ishtirok etayotganimdan juda mamnunman. Buyuk adiblarimizning hayot yo‘lini va ijodini sahna asarlari orqali tomoshabinga yetkazish – biz, yosh dramaturglar uchun ham sharaf, ham katta mas’uliyatdir. Ustozlarimiz tavsiyalari asosida tomoshabinlar qalbidan joy oladigan yuksak saviyadagi pesalar yaratishga bor kuch-g‘ayratimizni sarflaymiz.
Loyiha yakunida yaratilgan sahna asarlari keng jamoatchilik va mutaxassislar ishtirokida muhokama qilinishi ko‘zda tutilgan.
N.Usmonova, O‘.Hayitov (surat), O‘zA