“KDB Bank O‘zbekiston” vakillari bilan uchrashuv
“Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJda “KDB Bank O‘zbekiston” banki vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
“KDB Bank O‘zbekiston” banki 1997 yilda tashkil etilgan bo‘lib, Janubiy Koreyaning “KDB Bank” (Koreya Taraqqiyot Banki)ning bank xizmatlarini taklif etuvchi O‘zbekistondagi eng yirik xalqaro bankdir.


Kombinat matbuot xizmati xabariga ko‘ra, uchrashuv doirasida ikki tomonlama muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Unda o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, jumladan, “NKMK” AJning investitsiya loyihalarini bank tomonidan moliyalashtirish masalalari muhokama qilinib, bugungi kunda korxona faoliyatida amalga oshirilayotgan transformatsiya va ishlab chiqarishni raqamlashtirish bo‘yicha loyihalar haqida ma’lumotlar berildi.

Muzokara natijalariga ko‘ra, “KDB Bank O‘zbekiston” vakillari “NKMK” AJ bilan hamkorlik qilishdan manfaatdor ekanligini bildirib, kombinatning moliyaviy ehtiyojlari uchun ilk 17,5 million AQSH dollariga teng 2 yil muddatli qayta tiklanuvchi (revolver) kredit liniyasini taqdim qilishga tayyorligini bildirdi.

Shuningdek, xorijiy bank vakillari “NKMK tarixi” muzeyida bo‘lishib, eksponatlar, tarixiy artefaktlar, noyob tabiiy qazilmalarga boy Qizilqum zaminining qadimiy tarixi, buguni hamda kombinatning gidrometallurgiya zavodlari, “Muruntov” koni, konchilik texnikalari maketlari bilan tanishdilar.

A.Bo‘riyev, O‘zA