Kasbiy ta’lim: Germaniya standarti asosida
Ta’lim va islohot
Farg‘ona politexnika institutida “Malakali kadrlar tayyorlash va kasbiy ta’limga xalqaro ta’lim dasturlarini joriy etish” mavzusida forum bo‘lib o‘tdi. Mazkur anjuman Germaniyaning “AVESTOS” GmbH kompaniyasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Unda Farg‘ona, Andijon, Namangan viloyatlaridagi kasbiy ta’lim tashkilotlari rahbarlari, tuman-shahar hokimliklari mas’ullari, yirik ish beruvchi korxona va tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Forumda Farg‘ona viloyati hokimining o‘rinbosari Sherzod Polvonov qatnashdi va anjuman qatnashchilari ishiga omad tiladi.

– Bugungi forum o‘z ahamiyatiga ko‘ra juda dolzarb mavzuga bag‘ishlangan. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan kasbiy ta’lim sohasida muhim islohot va o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda. Ya’ni turli yo‘nalishlarda malakali kadrlar tayyorlash, kasbiy ta’lim tizimiga xalqaro ta’lim dasturlarini joriy qilish kechiktirib bo‘lmas vazifalardan sanaladi, – dedi Sh.Polvonov. – Ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasini ta’minlash maqsadida 63 ta texnikumlarga 331 ta korxona-tashkilotlar biriktirildi.
Ta’kidlash kerakki, Farg‘ona viloyatida kasbiy ta’lim tashkilotlari va ish beruvchilar bilan hamkorlikda dual ta’limni tashkil etish yo‘lga qo‘yilib, o‘quvchilar qamrovini yil yakuniga qadar ikki barobarga oshirish rejalashtirilgan. Hozirgacha ikkita texnikumda dual ta’lim bo‘yicha 111 nafar o‘quvchilar qabul qilindi.
– O‘quvchi-talabalarga ta’limni o‘z yo‘nalishiga mos tashkilotda mehnat qilish bilan birgalikda olib borish imkoniyatini beruvchi tizim – dual ta’limga qiziqish yil sayin ortib bormoqda. Chunonchi, 2024 yilda viloyatimizda 43 ta kasbiy ta’lim tashkilotlarida 29 ta kasb bo‘yicha 3594 nafar o‘quvchilar dual ta’lim shakli bo‘yicha o‘qitilgan bo‘lsa, joriy yilda jami 51 ta kasbiy ta’lim tashkilotlarida 32 ta kasb bo‘yicha 7000 nafar o‘quvchilarni dual shaklida o‘qitish rejalashtirilgan, – deydi Farg‘ona viloyat Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar boshqarmasi boshlig‘i To‘ychiboy Boymatov. – Mazkur forumda ana shu dual ta’lim jarayonida nimalarga e’tibor qaratish, mahalliy va xorijiy kompaniyalar bilan hamkorlikni qanday yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi. Kasbiy ta’lim tashkilotlari rahbarlari va ish beruvchilar o‘zlariga tegishli xulosalar oldi.

Forum davomida kasbiy ta’limga xalqaro ta’lim dasturlarini joriy qilish, ichki va tashqi mehnat bozori talablariga mos raqobatbardosh o‘rta bo‘g‘in kadrlarini tayyorlash, bu jarayonga manfaatdor vazirlik hamda idoralarni jalb qilish, hamkorlikda dual ta’limni keng joriy etish, xususan, bu borada “AVESTOS” GmbH kompaniyasi bilan hamkorlikda olib borilayotgan ishlar xususida fikr-mulohazalar aytildi, ma’ruzalar tinglandi.
Ma’lumot uchun, Leypsig (Germaniya) shahridagi Hunarmandchilik palatasi va “AVESTOS” GmbH kompaniyasi bilan hamkorlikda Qashqadaryo viloyatida e’tiborga molik ishlar amalga oshirildi. Shahrisabz shahridagi va G‘uzor tumanidagi 1-son politexnikumlarda to‘liq nemis ta’lim standartlariga asoslangan kasbiy ta’lim tizimi joriy qilingan. Bu ta’lim muassasalarida “Bino va inshootlar qurilishi” va “Metallar texnologiyasi” kasblari bo‘yicha kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, ayni kunda ta’lim tashkilotlarining 8 nafar o‘quvchisi Leypsig shahrida malaka oshirib, tegishli sertifikatlar olgan. Ya’ni endilikda bu bitiruvchilar to‘g‘ridan-to‘g‘ri Germaniyadagi korxonalarda ishlash imkoniyatini qo‘lga kiritgan.
Savol-javoblar va qizg‘in bahs-munozaralarga boy o‘tgan forumda ko‘plab takliflar ham aytildi, vodiy viloyatlaridagi kasbiy ta’lim tashkilotlari rahbarlari tomonidan muhim tashabbuslar ilgari surildi. Yaqin kelajakda shu kabi xorijiy kompaniyalar bilan uzviy aloqalar o‘rnatishga kirishish zarurligi ta’kidlandi.
M.Sulaymonov, O‘zA