Kasbiy ta’lim bo‘yicha yangi hamkorlik
Jizzax viloyatining Sharof Rashidov tumanida xalqaro hamkorlik aloqalari tobora mustahkamlanmoqda. Tumandagi 3-sonli texnikumga Germaniyaning “ZAW-Leipzig” markazi ijrochi direktori doktor Matias Mayer boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi.
Tashrif doirasida Jizzax viloyati Kasbiy ta’limni rivojlantirish va muvofiqlashtirish hududiy boshqarmasi boshlig‘i Sarvar Nazarqosimov hamda Sharof Rashidov tumani hokimi o‘rinbosari ishtirokida uchrashuv o‘tkazildi. Mehmonlar texnikumda yaratilgan zamonaviy shart-sharoitlar, o‘quv-amaliyot xonalari va ta’lim jarayoni bilan yaqindan tanishishdi.


Muloqotlar chog‘ida kasbiy ta’lim tizimini xalqaro tajribalar asosida takomillashtirish, yoshlarni zamonaviy kasb-hunarlarga yo‘naltirish, ularning amaliy ko‘nikmalarini oshirishga qaratilgan imkoniyatlar xususida fikr almashildi. Shuningdek, istiqbolli hamkorlik yo‘nalishlari yuzasidan ham atroflicha muzokaralar olib borildi.


Delegatsiya a’zolariga texnikumda amalga oshirilayotgan islohotlar, o‘quvchilarning bilim va malakasini mustahkamlashga xizmat qilayotgan amaliy loyihalar haqida batafsil ma’lumot berildi.

Mutaxassislar fikricha, bunday xalqaro hamkorliklar hududda kasbiy ta’lim sifatini yuksaltirish, raqobatbardosh kadrlar tayyorlash va yoshlarni zamon talablariga mos kasblarga yo‘naltirishda muhim o‘rin tutadi.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri