Kasbida hunarmandlar festivali
III ziyorat turizmi yarmarkasi va kulolchilik festivali tashkil etilishi munosabati bilan Qashqadaryo viloyati Kasbi tumanida joylashgan “Xazrati Sulton Mir Haydar ota” ziyoratgohida o‘nlab qo‘li gul hunarmandlar va yuzlab ziyoratchilar jam bo‘lishdi.
Yurtimizning turli hududlaridan kelgan usta kulol va hunarmandlar o‘z mahsulotlarini namoyish qilishdi.
Ular bilan suhbatlasharkanmiz, bugungi kunda yurtimizda hunarmandlarga yaratib berilayotgan imkoniyatlardan mamnun ekanini ta’kidlashadi.
[gallery-20065]
– Ushbu festivalga Samarqand viloyati Urgut tumanidan keldik, – deydi hunarmand No‘’mon Avloqulov. – Ota-bobolarimiz kulolchilik bilan shug‘ullangan. Men 8-avlodman. Ushbu kulolchilik mahsulotlarimizning hammasi tabiiy, ranglari ham qadimiy uslubda tayyorlanadi. Ularga chizilgan naqshlargacha qadimiy uslubda chizilgan. Masalan, mana shu likopchani olsak, unda doira, igri chiziqlar, gumbazlar va yaproqlar tasvirlangan. Buning ma’nosi shuki, doira dunyoning aylanaligi, egri chiziqlar – hayotning past-balandlikdan iborat ekanligi, gumbazlar – doim yuqoriga intilib yashash, barglar – insoniyatning tabiat bilan uyg‘un yashashini anglatadi. Bu kabi festivallar bizdek hunarmandlar uchun ayni muddao. Boisi, boshqa hududlik kulollar bilan tajriba almashamiz, sayyohlar bilan oldi- sotti qilamiz. Nafaqat bu kabi festivallar, bugungi kunda hunarmandlarga qaratiyotgan e’tibordan juda mamnunmiz. Ko‘plab imtiyoz va qulayliklar yaratilgani faoliyatimizni yanada rivojlantirishga katta imkoniyatlar eshigini ochmoqda. Masalan, yaqinda italiyalik hamkorlarga 45 ta qadimiy ko‘za yasab berdim. Mahsulotlarimizni xalqaro festivalda ko‘rib, qiziqib qolgan ekan.
Ta’kidlash lozimki, davlatimiz rahbarining 2021 yil 9 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasida ichki va ziyorat turizmini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida mamlakatimizda maqbul va qulay ichki va xalqaro ziyorat turizmi muhitini yaratish, turizm mahsulotlarini keng targ‘ib qilish nazarda tutilgan.
Qashqadaryo viloyat hokimligi, viloyat turizm boshqarmasi hamda Kasbi tuman hokimligi hamkorligida tashkil etilgan turizm festivalida ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda ichki va xalqaro turizmni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
– Bolaligimdan kashtachilik bilan shug‘ullanib kelaman, – deydi kitoblik hunarmand Sayyora Turdiqulova. – Yoshim 60 yetgan bo‘lsa ham shu hunar bilan mashg‘ulman. Turli xil iroqi do‘ppilar, ayollar sumkasi, so‘zana, yostiq jild, milliy liboslar, to‘nlar va hokazo mahsulotlar tayyorlaymiz. Ularning hammasi qo‘l mehnati. Shogirdlar bilan birgalikda tikamiz. Oddiygina bir dona iroqi do‘ppini tikish uchun 10 kun vaqt ketadi. Mahsulotlarimizga qiziqish baland. Hozirgi kunda Saudiya Arabistoni, Turkiya va yana boshqa ko‘plab mamlakatlarga eksport qilyapmiz. Daromad yaxshi. Keyingi yillarda turizm sohasiga qaratilayotgan e’tibor sabab, bizning faoliyatimiz ham rivojlanib bormoqda. Ayniqsa, xorijlik sayyohlar mahsulotlarimizga juda qiziqishadi.
Bu kabi festivallar O‘zbekiston zaminida yashab o‘tgan va yetishib chiqqan buyuk olimlarning islom va dunyo sivilizatsiyasini rivojlantirishdagi xizmatlarini e’tirof etish, shuningdek, “ziyorat turizmi” doirasida muqaddas qadamjolarga tashrif buyurish va diniy marosimlarni bajarish maqsadida tashkil qilinmoqda.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/CAnz8XFq4Ik?si=Zkm0-TfkQ_muyN0Y" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat),
O‘zA muxbirlari