Kasbi jurnalist, laqabi «rus»
27 iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni
Har bir bayram arafasida ustozlardan xabar olish, ularni qutlash shogirdlar uchun muhim. Qoraqalpoq jurnalistikasida ustozlar haqida so‘z yuritilganda taniqli ijodkor, Qoraqalpog‘iston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist Yelmurat Baynazarov dastlabkilardan bo‘lib tilga olinadi.
Umrining deyarli 40 yildan ziyodini ushbu sohaga bag‘ishlagan Yelmurat Baynazarov o‘zining mehnat faoliyatini 1972 yili Qoraqalpoq davlat pedagogika institutining rus tili va adabiyoti mutaxassisligi bo‘yicha tugatgandan so‘ng hozirgi «Qaraqalpaqstan jaslarы» gazetasida adabiy xodim bo‘lib ishlashdan boshladi. So‘ngra ushbu gazetaning o‘z muxbiri, bo‘lim mudiri, «Yerkin Qoraqalpaqstan» gazetasida katta muxbir, bo‘lim mudiri, mas’ul kotib, muharrir o‘rinbosari lavozimlarida ishladi. Shu yillar mobaynida o‘zining dolzarb mavzudagi operativ va publitsistik maqolalari bilan e’tiborga sazovor bo‘ldi.
1986-1988 yillarda O‘zbekiston telegraf agentligi (O‘zTAG)ning Qoraqalpog‘iston bo‘limi mudiri va bosh muharriri, 1988-1990 yillarda esa «Yerkin Qoraqalpaqstan» gazetasining bosh muharriri lavozimlarida faoliyat yuritdi. Muharrir sifatida gazetaning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, adadini oshirish, sifatini yaxshilash borasida astoydil mehnat qildi.
Yelmurat og‘a 1990-1991 yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi partiya qo‘mitasi ideologiya bo‘limi mudiri, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Ishlar boshqarmasining millatlararo munosabatlar bo‘limi mudiri lavozimlarida samarali mehnat qildi.
So‘ng u Qoraqalpog‘iston Respublikasida rus tilida chiqadigan «Vesti Karakalpakstana» gazetasiga bosh muharrir etib tayinlandi. Bu yerda uning tashkilotchilik mahorati, mehnatsevarligi, yuksak ijodiy salohiyati yaqqol namoyon bo‘ldi. Qariyb o‘n bir yil mobaynida u nafaqat gazetaning obro‘-e’tiborini yuksaltirishga, balki umuman ommaviy axborot vositalarining faoliyatini takomillashtirishga, milliy jurnalistika sohasida malakali kadrlar tayyorlashga ham katta hissa qo‘shdi. Shuning uchun, hamkasblari, yaqin o‘rtoqlari unga «Rus» deb hazillashadi.
[gallery-2794]
2002 yildan to 2015 yilgacha O‘zbekiston Milliy axborot agentligining Qoraqalpog‘iston axborot agentligi direktori lavozimida faoliyat ko‘rsatdi. Ish jarayoniga yangi axborot texnologiyalarini keng joriy etish, jurnalistlar va tarjimonlarning ijodiy ishlarini tashkil etishga ahamiyat berdi. Natijada agentlik tomonidan tayyorlanadigan har qanday axborot va tarjima materiallariga talab tobora ortib bordi. Shu bois, agentlikning Qoraqalpog‘iston Respublikasida ommaviy axborot vositalari orasida munosib o‘rni bor.
Sohadagi uzoq yillar fidokorona mehnati uchun 1999 yilda «Qoraqalpog‘iston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist» unvoni bilan taqdirlandi.
– Ustozning yana bir ibratli tomoni yosh mutaxassislarga bo‘lgan e’tiboridir, – deydi Qoraqalpog‘iston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist, «Mehnat shuhrati» ordeni sohibi Aminboy Ortiqboyev. – bugungi kunda Qoraqalpog‘iston axborot agentligini kadrlar ustaxonasi desak hech mubolag‘a bo‘lmaydi. Chunki, bu yerda yetishib chiqqan kadrlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesida, Vazirlar Kengashida, turli vazirlik va idoralarda, hokimliklarda samarali faoliyat olib bormoqda. Bunda Yelmurat Baynazarovning ham mehnati beqiyosdir.
Ye.Baynazarov tajribali jurnalist, mohir tarjimon bo‘lish bilan birga yaxshi ijodkor hamdir. Ishdan bo‘sh vaqtlarida publitsistik asarlar, she’rlar yozib turadi. Uning she’rlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi gazeta va jurnallarida chop etilmoqda. Xususan, 2008 yilda «Bilim» nashriyotida «Kasbim jurnalist, laqabim rus», 2019 yili «Qoraqalpog‘iston» nashriyotida «Odamiylik o‘lchami» asarlari nashr etildi. – Qanday kasb egasi bo‘lmasin, o‘ziga yuklatilgan vazifani bekamu-ko‘st bajarishga harakat qilish kerak, – deydi Yelmurat og‘a. – Chunki dono xalqimizda «bugungi ishni ertaga qo‘yma», degan gap bor. Umrim davomida mana shunga amal qilgan holda ishni vaqtida, sifatli bajarishga harakat qildim. Taniqli rus yozuvchisi N.Ostrovskiy qayd aytganidek, hayot insonga bir marotaba beriladi va uni ma’nosiz o‘tkazgan kunlardan pushaymon bo‘lmaslik lozim. Bugun mamlakatimizda barcha sohalar kabi jurnalistika ham jadal sur’atlarda rivojlanib bormoqda. bugungi yoshlarga havasing keladi. Shunday bo‘lsa ham ularga bir tilagim bor. Hamma vaqt kitob yaqin do‘stingiz bo‘lsin, undan qo‘l uzmang. Zamonga mos bilim olishda, ma’naviy dunyoni boyitishda kitobning o‘rnini hech narsa bosa olmaydi.
Yelmurat Baynazarovning «Ustozga murojaat» deb nomlangan she’rida shunday misralar bor:
«Yerkin Qoraqalpog‘iston» elga tanitdi,
«Vesti Karakalpakstana» qiynadi qattiq.
Shunda ham o‘n bir yil ko‘tardim shonin,
«Rus redaktor» degan nomning.
Dovud Abibullayev,
Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA