Kasb etikasiga rioya qilaylik
27 iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni
Bayram munosabati bilan ommaviy axborot vositalarida o‘zining dadil so‘zlarini aytayotgan, yozganlari jamoatchilik orasida e’tiroflarga sazovor bo‘layotgan hamkasblarimiz bilan turkum suhbatlar uyushtirdik.
Navbatdagi suhbatdoshimiz adliya vazirining ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi, bloger Shahnoza Soatova bo‘ldi.
– Bloger sifatida bugungi jurnalistikaga munosabatingiz?
– Bloger sifatida bugungi jurnalistika haqida fikr yuritadigan bo‘lsam, jurnalistikaning chegarasida turib, baho berishimga to‘g‘ri keladi. Chunki men ko‘p yillardan buyon jurnalistik faoliyat bilan shug‘ullanib keldim. Turli kasb egalari bloger sifatida o‘zining blogini yuritishsa, men jurnalist sifatida o‘zimning blogimni yurityapman.
bugungi jurnalistika bundan 15-20 yil oldingi biz faoliyat yurita boshlagan jurnalistikadan keskin farq qiladi. Bugun ushbu sohada anchagina o‘sish bor. Jurnalistik surishtiruvlar, taqqos-qiyoslash, faktlar bilan ishlash, eksklyuziv intervyu hamda xabarlar, veb-saytlar... Bularning barchasi axborot makonini rang-barang, turli-tuman, qiziqarli qiladigan, odamlar uchun foyda keltiradigan axborotlar. Bosma matbuotimiz ham bozor iqtisodiyoti sharoitida qanchalar qiyin bo‘lsayam yashab kelyapti.
Oxirgi paytlarda “Ishonch”, “Huquq va burch”, “Inson va qonun”, “Oila davrasida” kabi gazetalarni kuzatib boryapman.
Ularda jurnalistik surishtiruvlar, tahliliy-tanqidiy maqolalar ko‘plab chop etilyapti. Bularning hammasi sohamizning rivojlanayotganidan dalolat beradi.
Tan olishimiz kerak, jurnalistikada o‘ziga yarasha kamchiliklar ham bor. Ba’zida tezkorlik o‘rniga ortiqcha mulohazakorlikka berilishning ko‘pligi, jur’atning kamligi, ixtisoslashuvning yetarli yemasligi...
Ayniqsa, huquqiy, ijtimoiy, iqtisodiy sohalar doimiy yoritib berilishi uchun ixtisoslashuv kerak. Masalan, hozirgi vaqtda ilm-fan sohasining yoritilishi oqsaydi,chamamda.
– Nazarimda, bugungi ayrim jurnalist yoki blogerlarning etikadan yaxshi bilim olmagani ularning ish jarayonida pand bermoqda. Kasb etikasi borasidagi fikrlaringiz bilan ham o‘rtoqlashsangiz?
– Odob-axloq qoidalarini, eng avvalo oilada, so‘ngra maktabda, jurnalist etikasini esa tahririyatlarda o‘rganganmiz. Biz ham tahririyatlarga borganda birdan jurnalist bo‘lib qolmaganmiz. Ish o‘rganish jarayonida fahm-farosatimiz bilan qaysi gapni aytish, qaysi gapni aytmaslikni anglab olganmiz.
bugungi axborot maydonida shovqin-suron ko‘p, bo‘lar-bo‘lmas axborotlar g‘ij-g‘ij desak ham bo‘ladi. Bizga ustozlarimiz yalang‘och rasmlarni yoki qonli buyum suratini sahifalarga joylashtirmanglar, deb o‘rgatishgan. Bu gaplar bizning qulog‘imizda qo‘rg‘oshindek qotib qolgan. Ayrim hamkasblarimning nozik mavzularda ochiq-oydin gapirishayotgani menga og‘ir botadi. To‘g‘ri, bunday axborotlarni tarqatishni qonun rad etmas, ammo har bir kasbda axloq-odob qoidalari bo‘lishi, ularga rioya qilish, hurmat bilan qarash kerak.
Bundan ikki yil oldin Yangi Zelandiyada sodir bo‘lgan juda bir xunuk voqea, ya’ni bir g‘ayridin machitga kirib ibodat qilayotgan nasroniyni otib tashlagani haqida video saytlarda ulashila boshlandi. Shunda etikaga rioya qiladigan jurnalistlar chiqib ”Bu narsani ulashmaylik, g‘ayriinsoniylikni targ‘ib qiladigan holat bu” deya ko‘pchilikni to‘xtatdi. Men ham shunday qarorlarni qo‘llab-quvvatlayman. To‘g‘ri, u yerda fojia yuz bergan, odam o‘ldirilgan, ammo bunday realistik ko‘rinishni ommaga tarqatish yoki tarqatmaslik jurnalistning etikasiga bog‘liq.
Nafaqat jurnalistlar, blogerlar, barcha so‘z aytuvchilar orasida ham me’yorni bilmasligi, haqoratlarga, shaxsiyatga o‘tishi, xabarning haqqoniy emasligini bilaturib tarqatish bu kasb etikasiga rioya qilmaslikka kiradi.
Jurnalist etikasi uning obro‘sini, so‘zining salmog‘ini belgilaydigan mezon. Odob-axloq qoidalariga rioya qilmaganlarning ortidan ergashadiganlar ehtimol ko‘pdir, ammo men ularning “muxlislari” sifatli kontingent bo‘lishiga ishonmayman.
Bir so‘z bilan aytganda, jurnalist etikasi uning umri davomida shakllanadi.
O‘zA muxbiri
Nigora Rahmonova suhbatlashdi.