Kasaba uyushmalari – insonga naf keltirish oliy saodat
So‘nggi yillar mamlakatimizda kasaba uyushmalari tizimi faoliyatini rivojlantirish, uni ishchi-xodimlarning, ayniqsa, xalqning dard va tashvishi, orzusi, niyatlari, hayotiy muammo va ehtiyojlarini biladigan, amaliy yordam bera oladigan tuzilmaga aylantirishda o‘ziga xos davr bo‘ldi.
Bugungi Namangan viloyatida o‘nga yaqin tarmoqlarda 2 ming 230 kasaba uyushma tashkilotiga birlashgan 400 mingga yaqin xodim va talaba yoshlar bo‘lib, ularning mehnat va huquqiy munosabatlari himoyaga olingan.
– Har oyning ikkinchi seshanba kuni viloyat kengashi mas’ul xodimlari yangi tashkil etilgan boshlang‘ich tashkilotlarga amaliy yordam ko‘rsatishga jalb etiladi. Bu ezgu an’ana esa faoliyatimizda muvaffaqiyatlarga omil bo‘lmoqda, – deydi O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Namangan viloyat Kengashi raisi Hasanboy Xo‘jayev. – Joriy yilning o‘tgan davrida amalga oshirilgan ishlar natijasida viloyatdagi barcha bo‘g‘in kasaba uyushma tashkilotlari tomonidan 2037 ta nodavlat sektori korxona va tashkilotlarida kasaba uyushmalari tashkilotlari tuzildi hamda ularda ishlovchi 21 mingga yaqin xodimlar kasaba uyushma a’zoligiga qabul qilindi.

Jumladan, 323 ta korxona va tashkilotlarda 527 nafar pensiya yoshidagi xodimiga keksalik nafaqasiga chiqishdan oldin bir yo‘la moddiy yordam berish va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlash ishlari uchun 208,8 million so‘m mablag‘ sarflandi. 287 korxona va tashkilotda 460 nafar xodim yubiley sanalari munosabati bilan 205,1 million so‘mlik qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Ishlamaydigan pensionerlar, nogironligi bo‘lgan va o‘zgalar qaroviga muhtoj kishilarga hamda onalik ta’tilidagilarga moddiy yordam ko‘rsatish kasaba uyushmalari faoliyatida muhim o‘rin tutmoqda. Ayni shundan kelib chiqqan holda, ularga tegishli korxona va kasaba uyushmalari mablag‘lari hisobidan 127,1 million so‘mlik madad berildi. 915 korxona va tashkilotda ishlovchi 2 ming 542 nafar kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan oilalarning farzandlari uchun o‘quv qurollari, darsliklar xarid qilish xarajatlariga 354,1 million so‘m, ikki mingdan ortiq ehtiyojmand oila vakillariga 833,5 million so‘m moddiy yordam ko‘rsatildi.
Mehnat jamoalaridagi o‘z kasbining fidoyilari bo‘lgan 6020 nafar ilg‘or xotin-qizni rag‘batlantirish maqsadida 903 million so‘m sarflandi. “Ayollar daftari”ga kiritilgan 84 nafar xotin-qizga 42 million so‘mlik oziq-ovqat mahsulotlari berildi.

Hozirga qadar ijtimoiy himoyaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan mingga yaqin kishining bandligi ta’minlandi. Mehnatkashlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli va maroqli tashkil etish maqsadida 21 ming 500 kishi teatrga, 627 kishi muzeylarga jalb qilindi.
Kasaba uyushmalari tizimida turizmni rivojlantirishga qaratilgan “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qiling!” dasturi doirasida 12 mingdan ortiq xodimlar va ularning oila-a’zolari, 50 nafar ehtiyojmand ayol va 50 nafar ishlayotgan pensionerning sayohatlari tashkil etildi.
Yozgi ta’til davrida Bolalarning dam olishini va sog‘lomlashtirilishini tashkil etish departamentining Namangan viloyati boshqarmasi bilan hamkorlikda olib borilgan sa’y-harakatlar natijasida 5 ming 400 nafar bola viloyatdagi yettita sog‘lomlashtirish oromgohida hordiq chiqardi. Shuningdek, mehnatkashlarning sanatoriylarda dam oldirish va sog‘lomlashtirishga 5 815,9 million so‘m sarflandi.
Ta’kidlash kerakki, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi Namangan viloyati kengashiga 2024 yilning to‘qqiz oyi davomida kelib tushgan 81 murojaat bo‘yicha 32 holatdagi fuqarolik ishlari yuzasidan tumanlararo sud majlislarida qatnashib, 73 nafar xodim manfaati himoya qilindi. Buning natijasida 452 million so‘m miqdorida ish haqidan bo‘lgan haqdorlik va tovon pullari undirib berildi.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri.