Kasaba uyushmalari a’zolari manfaati himoya qilinmoqda
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Navoiy viloyati Kengashi tomonidan “Ishchi-xodimlarning mehnat muhofazasini ta’minlash, sohada amalga oshirilayotgan islohotlar samarasi” mavzusida matbuot anjumani tashkil etildi.
Bugungi kunda viloyat kasaba uyushmalari tizimidagi 1400 dan ortiq boshlang‘ich tashkilotlarga 204 ming nafardan ziyod ishchi-xodim birlashgan. Shuningdek, kasaba uyushmasiga 189 ta nodavlat sektordagi korxona va tashkilotlar jalb etilib, ulardagi 3315 nafar ishchi-xodim a’zolikka qabul qilingan.
– Kasaba uyushmalarining asosiy vazifasi tashkilot va korxonalarda mehnat qilayotgan ishchi-xodimlarning manfaatini himoya qilishdir, – deydi Federatsiyaning Navoiy viloyat Kengashi raisi Nazira Tog‘ayeva. – Joriy yilning besh oyida jismoniy va yuridik shaxslardan 229 ta turli xildagi murojaatlar kelib tushgan. Shuningdek, xodimlarning huquqlarini himoya qilish maqsadida sudlarga 21 ta da’vo ariza kiritilgan. Ularning 19 tasi ijobiy qanoatlantirilib, fuqarolar foydasiga qariyb 885 million so‘mga yaqin moddiy va ma’naviy zarar undirib berilgan.
Vazirlar Mahkamasining “Xodimlar mehnatini muhofaza qilish chora-tadbirlarini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi va “Mehnatni muhofaza qilish sohasidagi xizmatlar bozorini yanada rivojlantirish to‘g‘risida”gi qarorlari talablariga asosan malaka imtihonlari tashkil etilib 6 nafar talabgorga malaka sertifikati topshirildi.
Shuningdek, ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalarning oldini olish va kasb kasalliklari profilaktikasi yuzasidan targ‘ibot tadbirlari olib borildi. Natijada o‘tgan 5 oy mobaynida ishlab chiqarish bilan bog‘liq 1 ta baxtsiz hodisa sodir etilib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 6 barobarga kamaytirishga erishildi.
[gallery-17802]
Matbuot anjumanida OAV vakillarini qiziqtirgan savollarga mutasaddilar atroflicha javob qaytardi.
A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat), O‘zA muxbirlari