Karmanalik pillakorlar terimni boshladi
Navoiy viloyati Karmana tumanida ham pilla terish boshlandi.
Tumandagi Jaloyir mahallasi Yuqori Qoraqosh ko‘chasida istiqomat qiluvchi Oyshaxon Ergasheva hududda birinchilardan bo‘lib bir oy davomida yetishtirilgan hosilni terishni boshladi. Unga qarindoshlari, opalari va ovsinlari, qo‘ni-qo‘shni yaqindan yordam bermoqda.

– Yetti yildan buyon ipak qurti parvarishlayman, – deydi O.Ergasheva. – O‘tgan yili 1,5 quti ipak qurti olib, 87 kilogramm hosil topshirgan edik. Bu yil turmush o‘rtog‘im bilan maslahatlashgan holda imkoniyatimizni chamalab, 2 quti oldik. Bugun yetishtirgan hosilimizni terishni boshladik. Niyatimiz har qutidan 60-65 kilogrammdan hosil terib olib topshirish.

“Karmana ipak qurti urug‘i” MCHJ tumandagi 5 ta mahalla hududidagi pillakorlarga xizmat ko‘rsatadi. Joriy yilda MCHJ tomonidan 30 kasanachi va 33 ta fermer xo‘jaligi bilan shartnomalar tuzilib, 488 quti ipak qurti tarqatildi. Maqsad 29 tonna “kumush tola” yig‘ishtirib olish. Bu o‘tgan yilga nisbatan 1,6 tonna ko‘p deganidir.

– Tumandagi “Jaloyir” hududidagi 5 ta mahallaga xizmat ko‘rsatamiz, – deydi MCHJ direktori Farhod Hasanov. – Joriy yilda har bir quti ipak qurtidan o‘rtacha 58 kilogrammdan hosil yig‘ishtirib olishni rejalashtirganmiz. Mavsum avvalida har bir pillakorga bir quti ipak qurti uchun 250 ming so‘mdan bo‘nak puli berildi. Hosil terib topshirilgach esa har bir kilogramm uchun naviga qarab 40 ming so‘mdan 45 ming so‘mgacha haq to‘lab beramiz. Bu yil ozuqa uchun muammo bo‘lmadi. Hududimizda 7,2 gektar tut maydoni mavjud bo‘lib, birgina joriy yil bahor mavsumida pilla ozuqa bazasini yanada yaxshilash maqsadida 90 ming dona tut ko‘chatlari ekildi.
Ayni paytda tumanning boshqa hududlarida ham “kumush tola”ni terib olish ishlari davom etmoqda.
Abduvali Bo‘riyev,
O‘zA muxbiri