Karmanada Osiyo o‘yinlari g‘olibi kutib olindi
Navoiy viloyati Karmana tumanidagi Sardoba mahallasida Osiyo o‘yinlari chempioni Umid Esonov tantanali kutib olindi.
Marosimda keng jamoatchilik vakillari, mahalla ahli va yoshlar ishtirok etdi.

Xitoyning Xanchjou shahrida bo‘lib o‘tgan Osiyo o‘yinlarida kurash bo‘yicha -81 kg vazn toifasida bahs olib borgan O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Umid Esonov finalda qozog‘istonlik Bekadil Shaimberdenevdan ustun kelib, Osiyo o‘yinlari chempioniga aylandi.
Tantanada so‘zga chiqqanlar yurtimizda sportga berilayotgan e’tibor natijasida qo‘lga kiritilayotgan yutuqlar haqida so‘z yuritib, chempionni ulkan g‘alaba bilan tabriklashdi.

– Bizning mahallamizdan ham chempion chiqqanligidan juda xursand bo‘ldik, – deydi “Sardoba” MFY raisi No‘’mon Zokirov. – Osiyo o‘yinlarida sportchilarimizning har bir chiqishini katta qiziqish va hayajon bilan kuzatib bordik. G‘oliblar safidan joy egallaganida ular kabi quvondik. Madhiyamiz jaranglaganda quvonchdan ko‘zlarimizga yosh kelganligi ham rost. Shuningdek, sovrindorlar orasida navoiylik baydarkada eshkak eshish bo‘yicha O‘zbekiston ayollar terma jamoasi a’zosi Shahrizoda Mavlonova, futbolchilarimiz Sherzod Esonov va Jasur Jaloliddinovlarning borligi bizni quvontirdi.

Eslatib o‘tamiz: 2022 yil so‘nggida Xalqaro kurash assotsiatsiyasi (IKA) talqiniga ko‘ra, yil mobaynida o‘tkazilgan qit’a chempionati va jahon chempionatlari hamda turli xalqaro musobaqalardagi o‘ziga xos natijasi tufayli Osiyo va jahon chempionligiga erishgan O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Umid Esonov “Yilning eng yaxshi sportchisi”, deya e’tirof etilgan edi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri