Karmanada akril ipi ishlab chiqarilmoqda
Mamlakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, ularning faoliyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ishlab chiqarishga zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Mamlakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, ularning faoliyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ishlab chiqarishga zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.Navoiy viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturi asosida amalga oshirilayotgan tizimli ishlar samarasida joriy yilning 9 oyida 347 kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyekti tashkil etilib, 4 mingdan ziyod yangi ish o‘rni yaratildi.
Karmana tumanidagi “Wool textile” xususiy korxonasida ichki va tashqi bozorda talab yuqori bo‘lgan sifatli akril ipi ishlab chiqarilmoqda. 2009-yilda tashkil etilgan korxona oyiga 10 tonna ana shunday xaridorgir mahsulot tayyorlash quvvatiga ega.
– Tadbirkor birinchi navbatda ishlab chiqaradigan mahsulotining bozorda nechog‘liq xaridorgirligini o‘rganadi, – deydi korxona rahbari Abdulla Tillayev. – Biz ham mazkur qoidaga amal qilib, xorijdan zamonaviy texnologiyalar keltirdik va sun’iy tola ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydik. Avtomatlashtirilgan dastgohlarni kasb-hunar kollejlarini bitirgan 10 dan ortiq yosh mutaxassis boshqarmoqda. Mahsulotlarimizdan to‘qimachilik korxonalarida keng foydalaniladi.
Korxonaga xomashyo asosan “Navoiyazot” aksiyadorlik jamiyati va mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan yetkazib beriladi.
Ayni paytda korxonada polipropilen ip ishlab chiqarishni o‘zlashtirish borasida izlanishlar olib borilmoqda. Ushbu loyiha amalga oshirilgach, yana 16 nafar yosh mutaxassis ish bilan ta’minlanadi. Yangi mahsulot – polipropilen iplarga to‘qimachilik, ayniqsa, gilamdo‘zlik sanoatida talab yuqori.