Karantin qoidasini buzgan shaxs jazolanadi
Mamlakatimizda koronavirus infeksiyasi tarqalishini oldini olish maqsadida karantin eʼlon qilindi.
Mamlakatimizda koronavirus infeksiyasi tarqalishini oldini olish maqsadida karantin eʼlon qilindi. Xorijdagi yurtdoshlarimiz mamlakatimizga olib kelinib, tibbiy tekshiruvdan oʻtkazildi va tibbiyot mutaxassislarining xulosasiga koʻra koronavirus kasalligi aniqlangan fuqarolar alohida shifoxonalarga, kasallik qayd etilmaganlarning maʼlum bir qismi turli muassasalarga, kasallik alomatlari qayd etilmagan qismi esa oʻz uylarida karantinga olindi.
Kasallik qayd etilib davolanishga yotqizilgan va shifoxonalarga yotqizilgan fuqarolarning toʻliq taʼminoti davlat tomonidan amalga oshirilgan boʻlsa, oʻz uylarida karantinga olingan shaxslarga mahalliy hokimliklar tomonidan 8 turdagi oziq-ovqat, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari va zarur shaxsiy gigena, tibbiy niqoblar hamda antiseptik vositalar yetkazib turildi.
Ammo ming afsuski, hukumatimiz oʻz uyida karantindagi fuqarolar va ularning yaqinlari salomatligi borasida qaygʻurganiga qaramay, karantin davridagi belgilangan qonun-qoidalarga rioya qilmaganlar ham uchradi. Ular davlatimizning eʼtibor va gʻamxoʻrligiga nonkoʻrlik qilib, karantin talablarini noshkurlarcha buzdi...
Joriy yilning 26-mart kuni Guliston tuman maʼmuriy sudining ochiq sud majlisida Oʻzbekiston Respublikasi MJtKning 54-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarlik holati yuzasidan 1984-yil 18-noyabrda Sirdaryo viloyati, Guliston tumanida tugʻilgan, millati oʻzbek, maʼlumoti oʻrta, muqaddam sudlanmagan, uylangan, 2 nafar farzandi bor, vaqtincha ishsiz, shu tumanning Birlashgan mahallasi, Oʻrikli koʻchasida yashovchi Sangilov Sayfuddin Roʻzibayevichga nisbatan toʻplangan maʼmuriy ish hujjatlarini koʻrib chiqildi.
Sayfuddin Sangilov Oʻzbekiston Respublikasining “Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi toʻgʻrisida”gi qonunini hamda Vazirlar Mahkamasining joriy yil 23-martdagi “Koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori bilan tasdiqlangan “Koronavirus infeksiyasi aniqlanganda (yoki gumon qilinganda) bajariladigan profilaktik va epidemiyaga qarshi chora-tadbirlarni amalga oshirish tartibi toʻgʻrisida”gi nizomda koʻrsatilgan talablar va karantin qoidalarini qoʻpol ravishda buzdi.
U joriy yilning 15-mart kuni Qozogʻiston Respublikasidan Oʻzbekiston Respublikasiga keladi va oradan 3 kun oʻtib, 18-mart kuni oʻzi istiqomat qiladigan Guliston tumani, Birlashgan mahallasi, Oʻrikli koʻchasi 26-uyda karantinga olingan. U uy karantiniga olingan paytida, huquq-tartibot idoralari tomonidan karantin qoidalari, unga toʻla-toʻkis amal qilish shartligi, biror bir sabab va zarurat bilan ham to karantin muddati tugamagunga qadar uyidan chiqmaslik haqida tilxat ham olingan.
Lekin shularning barchasiga qaramay, fuqaro Sayfuddin Sangilov joriy yilning 24-mart kuni karantin qoidalarini buzgan holda uydan tashqariga chiqib ketadi. Fuqaroning bu huquqbuzarlik holati Guliston tuman ichki ishlar boʻlimi xodimlari tomonidan aniqlanib, S.Sangilov huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan zudlik bilan topilib, uyiga qaytariladi va unga nisbatan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtiriladi.
Bu harakati bilan S.Sangilov nafaqat oʻzining balki, boshqalarning ham salomatligiga xavf tugʻdiradi va yuqoridagi harakati bilan Oʻzbekiston Respublikasi MJtKning 54-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etadi.
Sud, huquqbuzar S.Sangilov karantinda saqlanayotganligi, sud majlisiga kelish imkoni yoʻqligi, sud majlisini uni ishtirokisiz koʻrishni soʻraganligi sababli maʼmuriy ishni Oʻzbekiston Respublikasi MJtKning 294-moddasi 2-qismiga asosan huquqbuzarning ishtirokisiz koʻrib chiqdi.
S.Sangilov tomonidan dastlabki surishtiruv davomida bergan tushuntirish xatida, haqiqatdan ham 2020-yil 15-mart kuni Qozogʻiston Respublikasidan Oʻzbekiston Respublikasiga kelganidan soʻng shu yilning 18-mart kuni Guliston tumani, Birlashgan mahallasi, Oʻrikli koʻchasi 26-uyda karantinga olinganligi, tuman IIB xodimlari tomonidan maʼlum qilinib, 14 kunlik uy karantini muddati tugagunga qadar uydan chiqmasligi, boshqa fuqarolar bilan muloqotda boʻlmasligi haqida ogohlantirilganligiga qaramasdan, joriy yilning 24-mart kuni karantin qoidalarini buzgan holda, uydan chiqib ketganini toʻliq tan oldi.
Sud, huquqbuzar S.Sangilovga qaror qabul qilishda uning shaxsini, aybiga iqrorligini, qilmishidan pushaymonligini, kam taʼminlangan oila ekanini, voyaga yetmagan 2 nafar farzandi va hech qayerda ishlamaydigan turmush oʻrtogʻi borligini inobatga olib javobgarlikni yengillashtiruvchi holat sifatida baholab, respublika hududida “Koronavirus” infeksiyasini tarqalishini oldini olish maqsadida favqulodda choralar qoʻllanilayotgan vaqtda, omma hayoti va sogʻligʻiga zarar yetkazishi mumkinligini bila turib, oʻzi, yaqinlari va atrofdagilar salomatligini xavf ostiga qoʻygan holda sodir etganligini javobgarlikni ogʻirlashtiruvchi holat deb topdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 30-noyabr kungi 35-sonli “Sudlar tomonidan maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrishni tartibga soluvchi qonunlarni qoʻllashning ayrim masalalari toʻgʻrisida”gi qarorida berilgan rahbariy tushuntirishlarga amal qilib unga nisbatan qonun sanksiyasi doirasida jarima jazosini tayinlashni lozim deb topdi.
Yuqoridagilarga binoan va Oʻzbekiston Respublikasi MJtKning 245, 294, 309, 310-311-moddalariga rioya qilib, sud Sangilov Sayfuddin Roʻzibayevichni Oʻzbekiston Respublikasi MJtKning 54-moddasida koʻrsatilgan maʼmuriy huquqbuzarlikni sodir qilgan deb topib, S.Sangilovning aybiga iqrorligini, kam taʼminlangan oila ekanligini, mahalla tomonidan berilgan ijobiy xarakteristika va boshqa uzrli sabablarni inobatga oldi va unga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi MJtKning 54-moddasi bilan bazaviy hisoblash miqdorining toʻrt baravari miqdorida jarima jazosi tayinladi.
Mamlakatimizda sud adolat posangisi bilan oʻlchanadi. Aks holda oddiy karantin qoidalariga amal qilmay, oʻzi, yaqinlari va atrofdagilarning salomatligini xavf ostiga qoʻyib yurgan S.Sangilovga oʻxshagan noshkur kimsalar, bundan-da kattaroq jazoga loyiq edi.
Sardor SUVANOV,
Guliston tuman maʼmuriy sudi sudyasi