Kappadokiyada dunyo rassomlari uchrashdi
Shu kunlarda Turkiyaning Kappadokiya hududida Xalqaro turkiy dunyo rassomlari uchrashuvi va ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tmoqda.
Turkiy xalqlarning boy madaniy merosi, umumiy san’at qadriyatlari va azaliy do‘stlik rishtalarini yanada mustahkamlash maqsadida tashkil etilgan mazkur xalqaro san’at anjumanida O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Ozarbayjon va Turkiya kabi davlatlardan taniqli rassom va akademiklar ishtirok etmoqda.

Jumladan, mamlakatimiz nomidan ushbu nufuzli xalqaro loyihada O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi a’zosi Javohir Niyozov qatnashdi.
Dastur davomida rassomlar Kappadokiyaning afsonaviy tarixiy vodiylari, qoyatosh me’morchiligi va qadimiy madaniy maskanlaridan ilhomlanib, ochiq havoda ijod qildi.

Yaratilgan asarlarda Kappadokiyaning betakror ruhi hamda turkiy dunyoning umumiy madaniy qadriyatlari o‘ziga xos badiiy talqinda aks etdi. Loyiha yakunida yaratilgan asarlar Kappadokiyaning madaniy va san’at fondiga qo‘shilib, turkiy dunyo rassomlarining umumiy ijodiy xotirasi sifatida kelajak avlodlarga meros bo‘lib qolishi ko‘zda tutilgan. Kappadokiyaning ming yillik tarixi, betakror tabiati va turkiy xalqlarning umumiy ruhi bir polotnoda jamlanmoqda.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA