Kanallar betonlashtirilib, suv tejamkorligi oshmoqda
Sirdaryo viloyatining Sardoba tumanida suv resurslaridan oqilona foydalanish va qishloq xo‘jaligida barqaror suv ta’minotini ta’minlash maqsadida Janubiy tarmoq–15 kanalida keng ko‘lamli betonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda.
Loyiha yakunlangach, yiliga 0,9 million kub metrgacha suv tejalishi, 2000 gektar yer maydoni kafolatli ravishda suv bilan ta’minlanishi hamda suvdan foydalanish samaradorligi 95 foizgacha oshishi kutilmoqda.
Bugungi kunda kanalning 4,5 kilometrida tuproq ishlari, 3,2 kilometrida esa betonlashtirish ishlari amalga oshirildi. Rekonstruksiya doirasida 14 ta gidrotexnik inshootni to‘liq ta’mirlash va yangilash, 3 ming kub metr beton va 20 ming kub metr tuproq ishlarini bajarish rejalashtirilgan.

Quyi Sirdaryo irrigatsiya tizimi havza boshqarmasi boshlig‘i Nurkamol Otaqulovning ta’kidlashicha, mazkur loyiha suv resurslarini boshqarishdagi muhim islohotlardan biri hisoblanadi.
– Bugun dunyo miqyosida suv resurslaridan oqilona foydalanish strategik ahamiyat kasb etmoqda. Sirdaryo viloyatida har bir tomchi suv qadrli. Shu bois Janubiy tarmoq–15 kanalida amalga oshirilayotgan betonlashtirish ishlari suv yo‘qotilishini sezilarli darajada kamaytiradi, suvni manziliga yetkazish tezlashadi. Bu o‘z navbatida fermer xo‘jaliklari va aholi tomorqalarida barqaror suv ta’minotini ta’minlab, hosildorlikni oshirishga zamin yaratadi, – dedi u.
Ma’lumot uchun: mazkur kanal 1961 yilda ishga tushirilgan bo‘lib, uning umumiy uzunligi 10 kilometr, shundan 5,6 kilometri beton, 4,4 kilometri esa tuproq o‘zanli. Kanaldagi loyihaviy suv o‘tkazish qobiliyati 2,5 kub metr/sekundni tashkil etsa-da, so‘nggi yillarda dambalardagi deformatsiya va cho‘kishlar sababli bu ko‘rsatkich 1,2 kub metr/sekundgacha pasayib ketgan. Bu esa, ayniqsa, suv tanqis mavsumlarda fermerlar uchun jiddiy muammo tug‘dirgan.

Loyiha yakunlangach, suv o‘tkazish qobiliyati yana loyihaviy darajaga yetkaziladi, suv yo‘qotilishi keskin kamayadi. Tajriba ko‘rsatishicha, shunday betonlashtirilgan kanallar orqali suv tejamkorligi 30–35 foizgacha oshadi, bu esa hududdagi suv tanqisligini bartaraf etishda katta ahamiyat kasb etadi.
Mahalliy fermerlar ham loyihadan katta umidvor. Ular fikricha, kanalning yangi ko‘rinishi suv taqsimotini barqarorlashtirib, ekin maydonlarida hosildorlikni kamida 15–20 foizga oshirish imkonini beradi.
Shu bilan, Sardoba tumanida amalga oshirilayotgan mazkur loyiha nafaqat irrigatsiya tizimini modernizatsiya qilish, balki suvni tejavchi texnologiyalar asosida ishlab chiqarish samaradorligini oshirish, aholining turmush sifatini yaxshilash sari muhim qadam bo‘lmoqda.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri