Kamondan otish bo‘yicha mamlakat kubogi
Andijonda kamondan otish bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasida O‘zbekiston kubogi musobaqalari boshlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar siyosati va sport vazirligi, O‘zbekiston kamondan otish federatsiyasi tomonidan Andijon tumani bolalar va o‘smirlar sport maktabida o‘tkazilayotgan respublika kubogi musobaqalarida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va respublikamiz viloyatlari jamoalari tarkibida 17 yoshgacha bo‘lgan 100 nafardan ziyod sportchi g‘oliblik uchun o‘zaro bahs olib boradi.
Musobaqaning ochilishida so‘z olgan Milliy gvardiya Andijon viloyat boshqarmasi boshlig‘i, Kamondan o‘q otish viloyat federatsiyasi raisi, polkovnik Mahmudjon O‘rinboyev, viloyat yoshlar siyosati va sport boshqarmasi boshlig‘i O‘tkirbek Toshpo‘latov, Kamondan otish bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Gulnoraxon Aripova mamlakatimizda kamondan otish sportini rivojlantirish, uning ommaviyligini oshirish, mahoratli sportchilar tayyorlash borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganligini ta’kidlab, musobaqa ishtirokchilariga omad tiladi.
[gallery-13561]
To‘rt kun davom etadigan respublika kubogi musobaqasi ishtirokchilari to‘rt yo‘nalish – “olimpik raid”, yakkalik, “miks” va jamoaviy yo‘nalishlarda o‘zaro kuch sinashadi.
Dastlabki uch kun davomida musobaqaning saralash, yakkalik va jamoaviy yo‘nalishdagi bahslari o‘tkaziladi. 16 sentyabr kuni esa final bahslari bo‘lib o‘tadi.
F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari