Kamol Jafarov: O‘zbekiston – Ozarbayjon ittifoqchiligi mintaqa kelajagini belgilovchi muhim omil
O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi ittifoqchilik munosabatlarining yangi bosqichga ko‘tarilishi Janubiy Kavkaz va Markaziy Osiyoda iqtisodiy, transport va siyosiy aloqalar rivojiga muhim ta’sir ko‘rsatmoqda.
Ozarbayjon Milliy Majlisi deputati Kamol Jafarovning ta’kidlashicha, Boku va Toshkent o‘rtasida shakllangan ittifoqchilik mintaqadagi iqtisodiy taraqqiyotning muhim tayanchlaridan biridir.
Deputatga ko‘ra, O‘zbekiston va Ozarbayjon munosabatlarining yuqori bosqichga ko‘tarilishi ikki davlatning tarixiy, madaniy va siyosiy yaqinligining mantiqiy natijasidir.
– Oliy davlatlararo kengashning faol institutsional mexanizm sifatida ishlayotgani, o‘zaro tashriflarning tizimli tus olgani siyosiy muloqot yuksak darajada ekanini ko‘rsatadi. Ikki davlat iqtisodiy salohiyatining bir-birini to‘ldirishi hamkorligimizni yanada barqaror qiladi, – deya ta’kidlagan Kamol Jafarov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Boku va Toshkent o‘rtasidagi kengayib borayotgan hamkorlik mintaqaning transport va logistika imkoniyatlarini rivojlantirishga ham xizmat qilmoqda. Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘li loyihasining O‘rta yo‘lak bilan integratsiyasi Yevrosiyo bo‘ylab yangi transport imkoniyatlarini yaratmoqda. Yashil energetika sohasidagi hamkorlik ham ushbu jarayonning muhim yo‘nalishlaridan biridir.
Deputat O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi madaniy-gumanitar aloqalar ham alohida ahamiyatga ega ekanini qayd etgan.
– Ozod etilgan hududlarni tiklashda O‘zbekistonning ko‘rsatgan birdamligi, ta’lim va madaniyat almashinuvining kengayishi, qo‘shma loyihalarning amalga oshirilishi gumanitar sohada mustahkam aloqalarni shakllantirdi. Bu hamkorlik Turkiy davlatlar tashkilotining umumiy salohiyatini mustahkamlashga ham hissa qo‘shmoqda, – dedi Kamol Jafarov.
Kamol Jafarovning fikricha, O‘zbekiston va Ozarbayjonning xalqaro platformalardagi o‘zaro ko‘magi hamda turkiy dunyo birligiga berayotgan e’tibori ikki davlat o‘rtasidagi strategik sheriklik uzoq muddatli xususiyatga ega ekanini ko‘rsatadi.
D.HAKIMOV,
O‘zA