Kambag‘allikni qisqartirish faqat daromadni oshirish emas, inson qadrini yuksaltirishdir
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida kambag‘allikni qisqartirish va aholi daromadlarini oshirish bo‘yicha belgilab berilgan yangi vazifalar mamlakatimizda inson manfaatlarini ta’minlash, oilalar farovonligini oshirish va har bir fuqaro uchun munosib hayot sharoitlarini yaratish borasidagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqmoqda.
Bu vazifalar, ayniqsa, xotin-qizlar va yoshlar bilan ishlayotgan jamoatchilik tashkilotlari zimmasiga katta mas’uliyat yuklaydi. Chunki kambag‘allikni qisqartirish faqat moddiy yordam ko‘rsatish yoki kredit ajratish bilangina cheklanmaydi. Eng muhimi, har bir oilaga barqaror daromad manbaini yaratish, ayolni kasb-hunarga o‘rgatish, yoshlarga bilim va imkoniyat berish, mehnat qilish va tadbirkorlik faoliyatini boshlash uchun zarur sharoit yaratishdir. Ayniqsa, bola parvarishi bilan band bo‘lgan ayollarni uyida yoki mahallasida daromadli mehnatga jalb etish, ularning kasbiy va tadbirkorlik salohiyatini ro‘yobga chiqarish xotin-qizlarning iqtisodiy mustaqilligini ta’minlashning muhim yo‘nalishidir. Ayolning daromadi oshishi — oilaning farovonligi, farzandlarning ta’limi va kelajagi, butun mahallaning ijtimoiy barqarorligiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi.
Navoiy viloyati “Ziyokor” ayollar va yoshlar markazi o‘z faoliyatida aynan shu tamoyilga tayanib, faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Markaz 2022-yil 5-maydan buyon xotin-qizlar va yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning ijtimoiy-iqtisodiy faolligini oshirish, kasb-hunarga yo‘naltirish, bandligini ta’minlash hamda jamiyat hayotidagi ishtirokini kengaytirish yo‘nalishlarida izchil ish olib bormoqda.

Markazning bugungi tajribasi shuni ko‘rsatadiki, insonni qo‘llab-quvvatlashning eng samarali yo‘li unga tayyor yordam berish emas, balki o‘z kuchi bilan daromad topishi uchun imkoniyat yaratishdir.
Jumladan, 2022-yilda Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash davlat maqsadli jamg‘armasi tomonidan ajratilgan 30 million so‘mlik grant asosida Nurota tumanining olis qishloqlarida yashovchi 106 nafar xotin-qiz bepul kasb-hunarga o‘qitildi. Mazkur loyiha orqali chekka hududlarda istiqomat qiluvchi ayollarning kasbiy ko‘nikmalarini rivojlantirish, ularni mehnat bozoriga olib kirish va mustaqil daromad topish imkoniyatlarini kengaytirishga e’tibor qaratildi.
2023-yilda Oliy Majlis huzuridagi Jamoat fondi tomonidan moliyalashtirilgan 60 million so‘mlik “Mahalla – ijtimoiy adolat maskani” loyihasi doirasida Nurota tumanidagi 19 ta mahallaning 6975 nafar aholisiga amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyati yetkazildi, fuqarolarning huquqiy va ijtimoiy faolligini oshirishga qaratilgan ishlar olib borildi. Shuningdek, 37 nafar yoshdan iborat “Huquq targ‘ibotchilari” ko‘ngilli guruhi tashkil etildi.

2024-yilda Xalq deputatlari Navoiy viloyati Kengashi huzuridagi NNT va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan moliyalashtirilgan 47 million so‘mlik “Inson qadrini ulug‘lash – farovon yurt poydevori” loyihasi amalga oshirildi. Loyiha doirasida inson manfaatlarini ta’minlash, ijtimoiy masalalarni hal etish va aholining farovonligini oshirishga qaratilgan tashabbuslar ilgari surildi. Navoiy shahridagi 22 ta umumta’lim maktabidan 6 tasida doimiy faoliyat yurituvchi “Huquq burchaklari” tashkil etildi hamda 167 nafar maktab o‘quvchisi o‘rtasida “Siz qonunni bilasizmi?” viloyat ko‘rik-tanlovi o‘tkazildi.
Markaz faoliyatida 2025-yil alohida samaradorlik bosqichi bo‘ldi. Oliy Majlis huzuridagi Jamoat fondi tomonidan moliyalashtirilgan 170 million so‘mlik “Ayol farovonligi – taraqqiyot va barqarorlikning poydevoridir” loyihasi doirasida Xatirchi tumanining eng chekka “qizil” hududlaridagi Langar hamda Oqtepa mahallalarida kashtachilik markazlari tashkil etildi. Natijada 37 nafar ishsiz xotin-qiz doimiy ish bilan ta’minlandi. Bu natija kambag‘allikni qisqartirishning eng to‘g‘ri mexanizmlaridan biri – ayolga kasb, ish va barqaror daromad manbaini yaratish ekanini amalda namoyon etdi.
2026-yilda esa Markaz Oliy Majlis huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi bilan tuzilgan shartnoma asosida 140 million so‘mlik “Inson qadri uchun bunyodkorlik” grant loyihasini amalga oshirmoqda. Loyiha doirasida aholining kundalik ehtiyojlaridan kelib chiqib, chekka mahallalarda xizmat ko‘rsatish va infratuzilmani yaxshilashga qaratilgan amaliy tashabbuslar ilgari surilmoqda.

Shuningdek, joriy yilda eng muhim yutuqlarimizdan biri “Oila maskani – kasb, bandlik va farovon hayot sari” nomli 800 million so‘mlik grant loyihasining davlat ijtimoiy buyurtmasi tanlovida g‘olib deb topilgani bo‘ldi. Mazkur loyiha aynan kambag‘allikni qisqartirish, ishsiz va kasb-hunarga ega bo‘lmagan xotin-qizlar hamda yoshlarning bandligini ta’minlashga qaratilgani bilan alohida ahamiyatga ega. Loyiha doirasida ehtiyojmand oilalar, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”, “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” hamda bandlik organlari ma’lumotlari asosida maqsadli guruhlarni aniqlash, ularni zamonaviy va talab yuqori bo‘lgan kasblarga o‘qitish, tadbirkorlikka yo‘naltirish va daromad manbalarini yaratish ko‘zda tutilgan. Qisqa muddatli kasb-hunar kurslarida turli hunarmandchilik yo‘nalishlari bo‘yicha ta’lim berilishi, amaliy ko‘nikmalarni shakllantirish va fuqarolarni o‘zini o‘zi band qilish yoki tadbirkorlik faoliyatiga yo‘naltirish orqali loyihaning asosiy maqsadi “yordam oluvchi”dan “daromad yaratuvchi”gacha bo‘lgan yo‘lni ta’minlashdir.
Bugungi kunda kambag‘allikni qisqartirishda kasb-hunar o‘rgatish, o‘quv markazlariga yo‘naltirish, dual ta’lim, imtiyozli va garovsiz kreditlash, kooperatsiyalarni rivojlantirish hamda ijtimoiy vaucherlar kabi mexanizmlardan samarali foydalanish muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bunday imkoniyatlardan to‘g‘ri foydalanish uchun esa aholiga nafaqat moliyaviy ko‘mak, balki bilim, maslahat, yo‘naltirish va amaliy hamrohlik ham zarur.

“Ziyokor” markazining 2022–2026-yillardagi faoliyati aynan shunday kompleks yondashuvga asoslangan. Shu davr mobaynida jami 1 milliard 247 million so‘mlik grant va davlat ijtimoiy buyurtmasi loyihalari amalga oshirildi. Bu loyihalar orqali yuzlab xotin-qizlar kasb-hunarga o‘rgatildi, ishsiz ayollar bandligi ta’minlandi, yoshlarning huquqiy va ijtimoiy faolligi oshirildi, mahallalarda aholining turmush sharoitini yaxshilashga qaratilgan amaliy tashabbuslar ilgari surildi.
Biz uchun kambag‘allikni qisqartirish hisobotdagi raqamlar yoki o‘zlashtirilgan mablag‘lar emas. Eng katta natija bir ayolning kasb egallashi, bir oilada daromadning ko‘payishi, bir yoshning ishli bo‘lishi, bir tadbirkorning o‘z faoliyatini boshlashi va bir oilaning ertangi kunga ishonch bilan qarashidir. Har bir ayolning qo‘lida hunar bo‘lsa, u oilasiga tayanch bo‘ladi. Har bir yoshga bilim va imkoniyat berilsa, u jamiyat taraqqiyotiga o‘z hissasini qo‘shadi. Har bir oilada barqaror daromad manbai yaratilsa, mahalla farovonlashadi. Shu bois “Ziyokor” ayollar va yoshlar markazi bundan buyon ham xotin-qizlar va yoshlarning iqtisodiy faolligini oshirish, ularni kasb-hunar va tadbirkorlikka yo‘naltirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, oilaviy daromadlarni ko‘paytirishga xizmat qiladigan loyihalarni kengaytirish yo‘lida faol ish olib boradi. Zero, kambag‘allikni qisqartirish insonni shunchaki yordam oluvchiga aylantirish emas, uning o‘z imkoniyatiga ishonchini uyg‘otish, mehnati bilan farovon hayot qurishi uchun sharoit yaratishdir.
Har bir oilaning daromadi oshsa, mahalla farovonlashadi. Mahalla farovonlashsa, hudud taraqqiy etadi. Hudud taraqqiy etsa, Yangi O‘zbekistonning inson qadri ulug‘langan, farovon va kuchli jamiyati yanada mustahkamlanadi.
Gulhayo Ravshanova,
Navoiy viloyatidagi “Ziyokor” ayollar va yoshlar markazi rahbari.
O‘zA