“Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi amalda
Navoiy viloyati prokurori Abduqahhor Mullajanov tomonidan Qiziltepa tumanida “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi asosida kambag‘allikni qisqartirish, aholi bandligini ta’minlash hamda jinoyatchilikka qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan ishlar o‘rganildi.
Dastlab tuman mutasaddi tashkilot rahbarlari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazilib, fuqarolarni kambag‘allikdan chiqarish, jinoyatchilikka qarshi kurashish masalalari tanqidiy muhokama qilindi. Tadbir so‘nggida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 23 sentyabrdagi “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturini amalga oshirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi hamda 2025 yil 3 yanvardagi “2025 yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorlari ijrosini ta’minlash yuzasidan topshiriqlar berildi.


Viloyat prokurori “SVS NAVOIY” MCHJ XK tomonidan amalga oshirilayotgan “Qurilish uchun lateks qoplamali paxta qo‘lqoplarini ishlab chiqarish” va “YANGI ASR” fermer xo‘jaligining “Sutni qayta ishlash” loyihalari bilan tanishib, tadbirkorlarni qiynab kelayotgan muammolariga yechim izlandi.


Shuningdek, prokuror Xusharti mahallasida o‘ziga biriktirilgan 5 ta og‘ir ahvoldagi oilalarni borib ko‘rdi va ularni kambag‘allikdan chiqarish yuzasidan olib borilayotgan ishlar muhokama qilinib, tegishli chora-tadbirlar belgilab olindi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri