Kambag‘allikdan chiqish va uning oldini olishning eng maqbul usuli
Mamlakatimiz qishloq xo‘jaligida amalga oshirilgan tub islohotlar samarasida soha iqtisodiyotning muhim tarmoqlaridan biri sifatida taraqqiy etib, yangi bosqichga ko‘tarildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Davlat rahbari lavozimiga kirishish marosimiga bag‘ishlangan Oliy Majlis palatalari qo‘shma majlisidagi nutqida, yangi taraqqiyot strategiyasi haqida so‘z yuritar ekan, qishloq joylarda yashayotgan aholining hayot darajasi va sifatini oshirish, fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari daromadini 2 barobar ko‘paytirish uchun zarur sharoitlarni yaratish asosiy vazifa etib belgilanganini alohida ta’kidlagandi. Jizzax viloyati Forish tumanida ham bu boradagi ishlar allaqachon boshlab yuborilgan.

Joriy yilning 24 noyabr kuni yurtboshimiz raisligida meva-sabzavotchilik va dehqon xo‘jaliklarini rivojlantirish chora-tadbirlari yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida tomorqa xo‘jaliklaridan foydalanish masalalariga alohida to‘xtalib o‘tdi.
Mazkur yo‘nalishni takomillashtirish maqsadida 23 noyabr kuni Prezidentimizning “Meva-sabzavotchilik va uzumchilikda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi, ishlab chiqarishda dehqon xo‘jaliklarining ulushini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Ushbu qarorda kelgusi yili paxta va g‘alladan qisqartiriladigan 80 ming gektar yer aholiga dehqon xo‘jaligi tashkil etish uchun berilishi belgilangan.

Shuningdek, tomorqa xo‘jaliklarida mahsulot yetishtirishga ko‘maklashish uchun kelgusi yilda 100 million AQSH dollari yo‘naltirish rejalashtirilgan. Bu mablag‘ oilaviy tadbirkorlik dasturi asosida, imtiyozli shartlarda beriladi.
Jumladan, dehqon va fermer xo‘jaliklari, qishloq xo‘jalik mahsulotlari yetishtiruvchi boshqa korxonalarga yer maydonida kichik intensiv bog‘dorchilik va uzumchilikka 3 yilgacha imtiyozli davr bilan 7 yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga, poliz, dukkakli, moyli ekinlar, kartoshka yetishtirish va sabzavotchilikka 6 oygacha imtiyozli davr bilan 2 yilgacha muddatga kreditlar ajratiladi.

Bu qishloqda yashovchilar uchun katta imkoniyat, albatta. Ularning hayoti, yashash darajasi, daromadini oshirishga xizmat qiladi. Odamlarda bo‘sh yer maydonlaridan unumli foydalanish, kichik tomorqadan ham yaxshigina daromad olish ko‘nikmasini shakllantiradi.
bugungi kunda tumanimiz ahli ham 2 ming 68 gektar o‘z tomorqalarida dehqonchilik qiladi. Ular orasida tomorqaning har qarichidan unumli foydalanib, yaxshigina daromad qilayotganlar ham bor.
“Suv yo‘q, ekkan bilan qurib qoladi”, deb tomorqani o‘z holiga tashlab qo‘yganlar ham yo‘q emas. Tumandagi “Uchma” mahallasi aholisi tomorqaga to‘qsonbosti usulida ekinlarini ekib, har yili erta ko‘klam piyoz va sarimsoqpiyozdan yaxshigina daromad olayotgani ham bor haqiqat. Yoki tumandagi “Oqtepa”, “Sayyod” mahallalari aholisini tomorqada uzum yetishtirish bo‘yicha nafaqat tumanda balki respublikamizda ham yaxshi bilishadi. Bu mahallalar aholisi yetishtirayotgan “maska”, “qora kishmish”, “sayvi” kabi uzumlar va qora kishmishdan tayyorlangan soyaki mayizlarning tengi yo‘q. Joriy yilda aholi tomorqasida uzumchilikni rivojlantirish uchun 370 gektar yerda yangi tokzorlar barpo etish belgilangan.

Xonadon tomorqalaridan foydalanishning yana bir samarali usuli issiqxonalar tashkil etish. Bu orqali ham yaxshigina daromad ham yiliga 2-3 marta hosil olish mumkin. Hatto, oila a’zolardan tashqari qo‘shimcha bir necha kishini ish bilan ta’minlash imkoniyati ham tug‘iladi.
Vazirlar Mahkamasining joriy yil 24 noyabrdagi “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini ijaraga berish tartibiga doir normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘isida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida tumanimizda foydalanilmayotgan, hozirgi kunda tuman zaxirasida bo‘lgan yer maydonlari tanlab olinib, 10 sotixdan 1 gektargacha bo‘lgan 642 ta loyiha ishlab chiqildi.
Tumandagi “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” ro‘yxatiga kiritilgan ishsiz fuqarolar ushbu loyihada qatnashib, yer maydoniga e’lon qilingan tanlovda g‘olib chiqishda ustuvor huquqqa ega bo‘ladi.
Qaror talablaridan kelib chiqib yer maydonlari suv chiqarish imkoniyati bo‘lgan, dehqonchilik bilan shug‘ullanish mumkin bo‘lgan qishloq joylarida aholi punktlariga yaqin bo‘lgan hududlardan tanlandi va to‘liq yer xaritalari ishlab chiqildi.
Tanlangan yer maydonlari “Garasha”, “Qoraabdol ota”, “Mustaqillik”, “Narvon”, “Yassikechuv” va “Oqtom” mahalla fuqarolar yig‘inlari hududlaridagi jami 38 ta konturda joylashgan 430 gektar lalmikor hamda 53 gektar suvli yer maydonlaridan dehqon xo‘jaligi yuritish uchun tanlandi.
Mamlakatimizda har bir islohot, avvalo inson manfaatlari, uning yaxshi yashashi, farovon hayot kechirishiga qaratilgani ana shunday misollarda o‘z aksini topmoqda. Buni barchamiz hayotimizda sezib, his qilib turibmiz.
Qishloq xo‘jaligi sohasini rivojlantirish, aholiga tomorqalaridan daromad olishga ko‘maklashish zamirida ham kam ta’minlangan, muhtoj oilalarga doimiy daromad manbaini berishdan iborat bo‘lib, bu esa kambag‘allikdan chiqish, ushbu darajaga tushib qolishning oldini olish uchun eng maqbul yechimdir.
Komiljon Karimov,
Forish tuman hokimining qishloq va suv
xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari.
O‘zA