Kambag‘allikdan chiqarishda salomatlik muhim
Davlatimiz rahbari shu yil 11 sentyabr kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida bundan buyon kambag‘allikni qisqartirish umummilliy harakatga aylanishi, bo‘g‘indagi rahbarlarning kundalik ishi oilalarni kambag‘allikdan olib chiqish bo‘lishi kerakligini ta’kidlagandi.
Yig‘ilishda belgilab berilgan topshiriklar asosida Respublika ixtisoslashgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Samarqand filiali xodimlari aholini kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha namunali hududga aylantirilayotgan Qo‘shrabot tumanida aholini chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazmoqda.
– Avvalo, kam daromadli oilalar turmush sharoitini o‘rganib, ularni kambag‘allikdan chiqarish chora-tadbirlari bo‘yicha o‘rganishlar jarayonida aniqlangan sog‘ligidan shikoyat qilgan fuqarolar ro‘yxati shakllantirilmoqda, – deydi Respublika ixtisoslashgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Samarqand filiali bosh vrachi Gulzoda Negmatova. – So‘ngra bu fuqarolar xodimlarimiz tomonidan ko‘rikdan o‘tkazilib, davolash, tashxislash va skrining tadbirlari olib borilmoqda. Jumladan, Mustaqillik mahallasida 40 yoshdan oshgan aholi o‘rtasida skrining tadbirlari o‘tkazildi va kasallik aniqlangan fuqarolarni davolash choralari ko‘rildi.

68-umumta’lim maktabida bolalar o‘rtasida endokrin kasalliklarni erta aniqlash maqsadida tashkil etilgan ko‘rikda 270 nafar o‘quvchining 31 nafarida turli endokrin kasalliklar aniqlanib, zarur tavsiyalar berildi.
Tibbiyot birlashmasining jarrohlik bo‘limida filial jarrohlari tomonidan ikki nafar fuqaroda qalqonsimon bezning yuqori texnologik jarrohlik amaliyoti muvaffaqqiyatli bajarildi va tuman tibbiyot birlashmasi jarrohlariga mahorat darsi o‘tkazildi.

Endokrin kasalliklar bilan kasallangan o‘ndan ortiq bemorlar ayni paytda filialda davolanmoqda.
G‘.HASANOV, O‘zA muxbiri