“Kamalak” zukkolari” – tanlov g‘olibi
Xorazmda o‘tkazilgan “Kamalak” bilimdonlari” ko‘rik-tanlovining yakuniy bosqichida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan 14 jamoa ishtirok etdi.
Xorazmda o‘tkazilgan “Kamalak” bilimdonlari” ko‘rik-tanlovining yakuniy bosqichida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan 14 jamoa ishtirok etdi.“Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati markaziy kengashi tomonidan tashkil etilgan tadbirda Respublika “Kamalak” bolalar tashkiloti rahbari S.Ashurov va boshqalar Prezidentimiz rahnamoligida navqiron avlodning har tomonlama barkamol ulg‘ayishi, zamonaviy ilm-fan va kasb-hunar sirlarini puxta o‘zlashtirishi, sport bilan shug‘ullanishi, iste’dod va salohiyatini namoyon etishi uchun barcha imkoniyatlar yaratilayotganini alohida ta’kidladi.
Prezidentimizning 2014-yil 6-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ushbu yo‘nalishdagi ishlar samaradorligini yanada oshirishda muhim dasturilamal bo‘lmoqda.
Umumta’lim maktablarida amalga oshirilayotgan qator loyihalar, ijodiy tadbirlar, jumladan, “Kamalak” bilimdonlari” ko‘rik-tanlovi ham bu borada alohida ahamiyatga ega. Tanlovning quyi bosqichlarida 10 yoshdan 14 yoshgacha bo‘lgan 492 ming o‘g‘il-qiz ishtirok etdi. Ana shu jarayonda “Kamalak” a’zolari tomonidan harakat faoliyatini yanada rivojlantirishga oid ko‘plab g‘oyalar ilgari surilgani ularda daxldorlik tuyg‘usi ortib borayotganini ko‘rsatadi.
Tanlovda tanishtirish mahorati, tashkilot faoliyatiga oid savol-javoblar, “Kamalak” quyi bo‘g‘inlari va o‘quvchilar hayotida yuzaga keladigan muammolar yechimini sahna ko‘rinishida talqin etish, shuningdek, yoshlarning faolligini yanada oshirish, ularda yetakchilik qobiliyatini shakllantirishga qaratilgan ijodiy loyihalar taqdimoti namoyish qilindi.
Xorazm viloyatining “Kamalak” zukkolari” jamoasi birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Toshkent viloyatining “Kamalak” jamoasi ikkinchi, Qoraqalpog‘iston Respublikasining “Kamalak” yulduzlari” jamoasi uchinchi o‘rinni egalladi.