“Kamalak” – iste’dodli yoshlarga qanot
Navoiyda “Kamalak” bilimdonlari” ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi o‘tkazildi.
Navoiyda “Kamalak” bilimdonlari” ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi o‘tkazildi.“Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati viloyat kengashi tomonidan tashkil etilgan tanlovda tuman va shaharlardan 10 jamoa o‘zaro bahslashdi.
– Prezidentimiz rahnamoligida yosh avlodning jismonan sog‘lom, ma’nan yetuk va hech kimdan kam bo‘lmagan sharoitlarda ulg‘ayishiga alohida e’tibor qaratilmoqda, – deydi “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati viloyat kengashi raisi o‘rinbosari, “Kamalak” bolalar tashkiloti rahbari Akmal Shakarov. – O‘z atrofiga tashabbuskor, zukko va iqtidorli yoshlarni birlashtirgan “Kamalak” bolalar tashkilotining ushbu an’anaviy tanlovi iste’dodli yoshlarni kashf etish va qo‘llab-quvvatlash, ularning mamlakatimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shadigan yetuk kadrlar bo‘lib ulg‘ayishiga xizmat qilmoqda.
Tanlovda jamoalar tanishuv, sahna ko‘rinishi, savol-javob, ijtimoiy loyiha kabi yo‘nalishlarda o‘z bilim va mahoratini namoyish etdi. Birinchi o‘rinni Zarafshon shahridagi 3-umumta’lim maktabi jamoasi egalladi va tanlovning mamlakat bosqichida qatnashish huquqini qo‘lga kiritdi.