Joriy yilda “Kamalak” bolalar tashkiloti tashkil topganiga 20 yil to‘ldi. Har yili sana munosabati bilan tashkilotning “Vatan, do‘stlik va baxtli bolalik uchun” shiori ostidagi anjumanlarini o‘tkazish an’anaga aylangan.
Bu yil ham an’anaga sodiq qolgan holda Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumani “Oqtosh” bolalar sog‘lomlashtirish oromgohida tashkilotning XX anjumani bo‘lib o‘tmoqda.
Yoshlar ishlari agentligi, Yoshlar ittifoqi hamkorligida tashkil etilgan anjumanning ochilishida Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev, Yoshlar ittifoqi markaziy kengashi raisi v.v.b Sh.Zayniddinov hamda Markaziy kengash raisi o‘rinbosari, Respublika “Kamalak” bolalar tashkiloti raisi I.Xoldorova so‘zga chiqib, yoshlarni bayram bilan samimiy qutladi.

– Ko‘plab rivojlangan davlatlarda millionlab bolalarni jamlagan va ularni liderlikka tayyorlaydigan tashkilotlar faoliyati kuzatilmaydi, – dedi Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev. – Bunday tashkilotlar faoliyat olib borsa-da, bolalarni o‘z atrofida jipslashtira olmaydi. Bizning mamlakatda “Kamalak” bolalar tashkiloti, Sardorlar kengashi tizimi bor ekan, biz kuchli jamoamiz bilan Uchinchi Rennesans poydevorini birgalikda barpo etishimizga ishonchimiz komil.
Anjuman doirasida “Eng namunali hududiy va mahalliy sardorlar kengashi”, “Eng namunali hududiy sardorlar kengashi”, “Yil sardori” respublika tanlovlari hamda Respublika sardorlar kengashiga saylovlar o‘tkazilmoqda.

– Sevimli anjumanimizni har yili intizorlik bilan kutamiz va bunga katta tayorgarlik ko‘ramiz, – deydi Yoshlar ittifoqi Jizzax viloyat kengashi bosh sardori Diyorbek Tojiyev. – Turli seminar-treninglar, motivatsion dasturlar, sport, san’at festivallari O‘zbekiston sardorlarini bir maqsad yo‘lida birlashtirmoqda, do‘stlik rishtalarining mustahkam bog‘lanishiga zamin yaratmoqda.
“Kamalak” bolalar tashkilotining “Vatan, do‘stlik, baxtli bolalik uchun” shiori ostidagi anjumani davom etmoqda.
Shohida Damanova, O‘zA