Kafu FIFAning yangi qaroriga munosabat bildirdi
Braziliya terma jamoasining sobiq himoyachisi Kafu JCh-2026 da joriy etiladigan yangi qoidani qo‘llab-quvvatladi. Unga ko‘ra, mojaroli vaziyatlarda og‘zini yopib gapirgan futbolchilar maydondan chetlatiladi.

Ushbu qat’iy choraga «Benfika» vingeri Janluka Prestianni bilan bog‘liq voqea sabab bo‘ldi. Eslatib o‘tamiz, Prestianni Chempionlar ligasi doirasidagi bahsda «Real» yulduzi Vinisius Juniorga qarshi «gomofobik haqoratlar» ishlatgani uchun 6 ta o‘yinga (shundan 3 tasi shartli) diskvalifikatsiya qilingan edi. Mojaro vaqtida Prestianni nima deyayotgani ko‘rinmasligi uchun og‘zini futbolkasi bilan to‘sib olgan.
«Menga bu qoida juda ma’qul keldi. Futbol o‘ynayotgan vaqtda jamoadoshlar, raqiblar yoki do‘stlar bilan gaplashish uchun og‘izni berkitish shart emas — siz o‘zingizni qanday bo‘lsangiz, shunday ko‘rsatishingiz kerak», — dedi Kafu.
Ma’lumot o‘rnida, IFAB (Xalqaro futbol assotsiatsiyalari kengashi) ushbu yangilikni aynan 2026-yilgi jahon chempionatida eksperiment tariqasida qo‘llashni ma’qullagan.