Kafansiz, janozasiz ko‘milgan Ibrat
31 avgust – Qatag‘on qurbonlarini yod etish kuni
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2017 yilda Namangan viloyatiga tashrifi chog‘idagi uchrashuvlardan birida milliy uyg‘onish davrida Farg‘ona vodiysidan chiqqan taraqqiyparvar, ma’rifatchi, o‘z davrining yetuk ziyolisi, yurt ozodligi uchun kurash olib borgan siymolardan biri Junaydullaxo‘ja o‘g‘li Ishoqxon Ibrat haqida to‘xtalib, bu atoqli ma’rifatparvar o‘ziga Ibrat tahallusini bejiz tanlamagani, uning yurt taraqqiyoti yo‘lidagi fidokorona hayoti nafaqat o‘z davrida, balki bugun ham barchamiz uchun haqiqiy ibrat namunasi bo‘lib qolayotganini ta’kidlagan edi.
Davlatimiz rahbarining joriy yil 30 maydagi “Jadidlar merosi davlat muzeyini tashkil etish to‘g‘risidagi” qarorida ham ma’rifatparvar jadidlarning Vatanimiz va jahon tarixidagi muhim o‘rni va ahamiyatini, milliy istiqlolimizning ma’naviy asoslarini yaratishdagi fidoyiliklarini, ibratli hayoti va faoliyatini, boy ilmiy, ijodiy merosini chuqur o‘rganish va faol targ‘ib etish hamda ularning xotirasini abadiylashtirish borasidagi ishlarni yanada kengaytirish yuzasidan qator vazifalar belgilangan.
Prezidentimiz tomonidan joriy yil 19 iyulda qabul qilingan “Siyosiy qatag‘on qurboni bo‘lgan yurtdoshlarimiz hayoti va faoliyatini o‘rganish, targ‘ib etish, hamda ularning xotirasini abadiylashtirish borasidagi ishlarni kengaytirish to‘g‘risida”gi qarorda esa jadidchilik harakati qurbonlarining fojeali taqdirini, ularning sovet tuzumi tomonidan qatag‘on qilinishi jarayoni, ular haqidagi bor haqiqatni hozirgi va kelgusi avlodlarga yetkazish muhim ahamiyat kasb etishi alohida qayd etilgan.
Andijon davlat universiteti tuzilmasidagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyi xodimlari qatag‘on qurboni bo‘lgan ko‘plab yurtdoshlarimiz qatori jadidchilik harakatining ilg‘or vakillaridan biri Ishoqxon Junaydullaxo‘ja o‘g‘li Ibrat, uning ayanchli taqdiri haqida qator ma’lumotlar to‘plagan.
Arxivdan olingan hujjatlar orasida quyidagi anketa bor. “Ishoqxon To‘ra 1861 yili To‘raqo‘rg‘on dahasining Sayram mahallasida tug‘ilgan, yashash joyi o‘sha manzilda bo‘lgan, o‘z shaxsiy uyiga, bitta sigir va bitta otga ega, arava, 16 tanob yeri bo‘lgan. Hibsga olingan paytdagi ijtimoiy ahvoli mulkdor, kelib chiqishi yirik dehqon, millati o‘zbek, SSSR fuqarosi, partiyasiz, oliy ma’lumotli, madrasani bitirgan, revmatizm bilan og‘rigan, oila a’zolari: o‘g‘li Abbosxon 57 yoshda, mashg‘uloti aniq emas, Vaqqosxon – 35 yoshda, kolxozchi, Fayozxon – 31 yoshda, dehqonchilik qiladi, Rotibxon – 7 yoshda, qizlari – Zarifaxon-18 yoshda, Tursunxon-16 yoshda, Apinaxon-13 yoshda”. Bu anketaga Ishoqxon To‘ra o‘zi imzo qo‘ygan.
O‘g‘li Abbosxon To‘ra 1879 yil Kosonsoyning To‘raqo‘rg‘on qishlog‘ida tug‘ilgan, doimiy yashash joyi Shahrixonning Tumor qishlog‘i, o‘rtahol dehqon, o‘zbek, partiyasiz, o‘rta ma’lumotli, oila a’zolari – otasi Isoqxon Junaydullayev, xotini Otaxonova Nuriniso – 45 yoshda, uy bekasi, o‘g‘li Rashid – 3 yoshda, o‘g‘li Karim – 11 yoshda, o‘g‘li Mixa – 19 yoshda deb ko‘rsatilgan.
1937 yil fevral oyida Shahrixon (Stalin) rayoni ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i, davlat xavfsizligi leytenanti Pavel Damin-Zubov o‘z odamlari bilan bir kunda Ishoqxon To‘ra va o‘g‘li Abbosxon To‘rani hibsga oladi, uy xo‘jaligida tintuv o‘tkazadi.
Yana bir hujjatda Abbosxon To‘ra 1929 yilgacha mulksiz bo‘lgani, ijtimoiy holati xizmatchi ekani, ijtimoiy kelib chiqishi o‘rtahol dehqonligi, millati o‘zbekligi, 1930 yili quloqqa tortilgach, Shahrixon qishloq soveti Tumor qishlog‘iga kelib yashay boshlagani, qishloq imomi ekani, o‘zi va oila a’zolari kolxozga a’zo emasligi, Tumor qishlog‘ida dindorlarning mahfiy yig‘ilishida qatnashgani, sovet hokimiyatiga qarshi kurashish maqsadida aholi orasida aksilinqilobiy targ‘ibot olib borgani, bu ishga boshqalarni ham da’vat etgani ko‘rsatilib, Andijon turmasida hibsda saqlash ehtiyot chorasi o‘z kuchida qoldirilganligi qayd etilgan.
Mahbus Abbosxon To‘ra uni imzolab, tasdiqlagan.
Tergovchi turli qiynoqlar orqali Abbosxon To‘radan otasi Ishoqxon To‘raning “aksilinqilobiy” harakterdagi faoliyati to‘g‘risida ma’lumot olishga erishadi. Oqibatda Ishoqxon To‘ra ham hibsga olinib, Andijon turmasiga tashlanadi. Shuningdek, tergov jarayonida Ubaydulla Mahsum Otaboy A’lamov, Jabborxon Sultonxonov, Umarali Jumaboyev, Dehqonboy So‘fi Do‘smatov, Akbarali Niyozov, Mo‘’tabarxon Sultonxonovning “aksilinqilobiy” faoliyati haqida ma’lumotlar olingan, ular ham hibsga olinib, tergov qilingan, og‘ir qiynoqlarga solingan.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizligi xizmati arxivida Andijon okrugi Stalin (hozirgi Shahrixon) rayoni ichki ishlar boshlig‘i, davlat xavfsizligi leytenanti P.V.Damin-Zubov 1937 yil 8 fevral kuni Ishoqxon to‘ra Junaydullayevga nisbatan ehtiyot chorasini belgilash uchun davlat xavfsizligi katta leytenanti Lisitsinga taqdim etgan hujjat saqlangan. Uni aynan keltiramiz: “Andijon shahri 20 fevral kuni O‘zSSR NKVD Ma’muriy hizmat boshlig‘i, davlat xavfsizligi leytenanti Lisitsin, Davlat xavfsizligi serjanti Derevyanchenko Isohon To‘ra Junaydullayevni – 1861 yili tug‘ilgani, To‘raqo‘rg‘on rayoni, millati o‘zbek, SSSR fuqarosi, ma’lumoti oliy, arab, fors, turk, afg‘on, hind va rus tillarini bilishligini qayd etgan.
Isoqxon To‘ra inqilobgacha 10 yil qozilik qilgan, sovetlar tomonidan qatag‘onga tortilgan, 1926 yili yer maydoni sotib olgani uchun bir yil qamoq jazosiga hukm etilgan, 1936 yil avgust oyida musulmon ruhoniylarining maxfiy yig‘inida ishtirok etgan, unda SSSRning boshqa davlatlar bilan urushi bo‘lishi muqarrarligi muhokama etilgan va Sovet hokimiyati mag‘lub qilinishi aytilgan. Bu yig‘inlarda kolxozchilar orasida aksilinqilobiy targ‘ibot olib borish haqida qaror qabul qilingan.
Sovet hokimiyati bilan kurashish uchun aksilinqilobiy unsurlardan tashkilot tuzish maqsadida Stalin rayoni qishloq soveti Yuqori Shahrixon Tumor qishlog‘idagi ikkita kengashda ishtirok etib, shaxsan o‘zi nutq so‘zlab urushning bo‘lishi muqarrarligini, “Musulmonobod” davlati tuzishni aytgan.” degan yozuvlar bayon etilgan.
O‘zbekiston Ichki ishlar xalq komissarligiga NKVD Andijon sektori tomonidan 1937 yil yanvar-fevral oylarida Stalin rayonidagi aksilinqilobiy, millatchi, qo‘zg‘olonchi, isyonchi guruh (yacheyka) ... - 2519 sonli ishi bo‘yicha Ubaydulla Mahsum Otaboy A’lamov, Ishoqxon To‘ra Junaydullayev, Abbbosxon To‘ra Ishoqxon To‘ra va boshqalar, jami 8 kishi O‘zSSR Jinoyat Kodeksi 66- moddasi 2-bandi va 67- moddasi bilan ayblangani, jinoyi javobgarlikka tortilgani haqida xulosa taqdim etilgan.
Xulosada Stalin rayonidagi tugatilgan aksilinqilobiy yacheyka o‘z oldiga sovet hokimiyatini ag‘darish vazifasini qo‘yib, O‘zbekistonda musulmonlar davlatini tashkil etishni maqsad qilganligi, bu yo‘lda bosmachi to‘dalar, interventlarga yordam ko‘rsatishni, barcha harakatlari SSSRga qarshi qaratilganligi aytilgan.
Tekshiruv bayonnomasida aksilinqilobiy yacheyka ishtirokchilari Ubaydulla Mahsum Otaboy A’lamov, Ishoqxon To‘ra Junaydullayev, Abbosxon To‘ra Ishoqxon To‘rayev, Jabarxon Sultonxonov, Qambarali Niyozov, Umarali Jumaboyev, Mo‘tabarxon Sultonxonov, Dehqonboy So‘fi Do‘smatovlar ekanligi, ular aniqlanganligi bayon etilgan.
Isoqxon Ibratni oqlash borasidagi dastlabki surishtiruvlarda O‘zSSR Ministrlar Soveti huzuridagi Davlat xavfsizlik komiteti Andijon oblasti, Andijon shahri bo‘yicha boshqarmasi tomonidan taqdim etilgan ma’lumotnomada Andijon turmasida Junaydullayev Ishoqxon ishi yuzasidan, uning o‘limi sababi haqida hech qanday ma’lumot yo‘qligi aytilgan. Biroq Andijon shahridagi 4-sonli turma arxivida Junaydullayevning dastlabki tergov qilish vaqtidagi uning hisob kartochkasida 1937 yil 19 iyunda vafot etgani qayd etilgan.
Aslida O‘zNKVD Andijon sektori bo‘limining sobiq boshlig‘i Makarevich shaxsan Ishoqxon to‘ra Junaydullayevni tergov qilgan. Tergov jarayonida Makarevich mahbusdan “aybi”ni bo‘yniga oluvchi ko‘rsatma, ma’lumot olish, tergov materallarini soxtalashtirish maqsadida mahbusga azob bergan, jismonan qiynagan. Oqibatda 76 yoshli keksa Ishoqxonto‘ra Ibrat dahshatli qiynoqlarga bardosh beraolmay, qamoqxonada vafot etgan.
Ma’rifatchi olim, jadidchilik harakatining peshqadam vakili, shoir, tilshunos, yangicha usulda maktab ochgan, o‘quv dasturiga rus tilini kiritgan, o‘z qishlog‘ida “Matbaai Ishoqiya” nomli bosmaxona tashkil etgan, Turkiya, Bolgariya, Gretsiya, Italiya, Afg‘oniston, Saudiya Arabistoni, Hindiston davlatlarida bo‘lgan, arab, fors, ingliz, hind va urdu tillarini o‘rgangan, Ishoqxonto‘ra Junaydullaxo‘ja o‘g‘li Ibrat Andijondagi qatlgohga tunda janozasiz, kafansiz yashirincha ko‘milgan.
U bilan birga ayblangan Abbosxonto‘ra Ishoqxonto‘rayev, Ubaydulla Maxsum Otaboy A’lamov, Jabborxon Sultonxonov, Dehqonboy So‘fi Do‘stmatov, Umarali Jumaboyev O‘zSSR NKVD Uchligining qarori bilan 1937 yil 10 avgustda otuvga hukm qilingan. Shuningdek, ushbu yacheyka a’zolari deb hisoblangan Akbarali Niyozov, Mo‘’tabarxon Sultonxonovlar esa 10 yilga qamoq jazosiga hukm qilingan.
Ishoqxon Junaydullaxo‘ja o‘g‘li Ibratning 1930 yilda tug‘ilgan o‘g‘li Rotibxon 1959 yilning 28 mayida O‘zbekiston SSR Oliy Sovetiga quyidagi mazmunda ariza yo‘llagan: “Mening otam Ibrat, Anisiy taxallusi bilan asarlar yozgan progressiv olim Ishoq Junaydullayev 1862 yilda To‘raqo‘rg‘on qishlog‘ida o‘qimishli xonadonda tug‘ilib, yoshlik davrida To‘raqo‘rg‘on, Namangan va Buxoroda bilim olgan. O‘z hayotida bilim qidirgan otam Rossiyaning ko‘p shaharlarida, Turkiya, Eron, Afg‘oniston, Hindiston hamda Xitoy davlatlarida bo‘lgan. Rus ilmini, o‘qish, yozish va tarjimalar qilishni mukammal bilgan. Borgan maamlakatlarinining tili va madaniyatini o‘rganib, ular haqida asarlar yozgan, hozirgacha saqlangan, “Jomul xutid” (Xatlar yig‘indisi), “Farg‘ona tarixi”, “Madaniyatlar tarixi”, “Yetti tilda” lug‘at” va boshqa mayda asarlari bilan ma’lumdir. Bu manbalar Toshkentda Sharq qo‘lyozmalari institutida va yozuvchilar soyuzining Namangan oblast bo‘limida saqlanmoqda.
Otam bilim tarqatuvchigina bo‘lib qolmay ma’rifatparvar, madaniyatga undovchi shaxs bo‘lgan. Revolyutsiyadan ilgari Namanganda “Isoqiya” nomli tipo-litografiya tashkil qilib o‘z asarlari va xalqni ma’rifatga chaqiruvchi boshqa asarlarni bosib turganki, hozirda Namangandagi “Udarnik” bosmaxonasi sobiq “Ishoqiya” litografiyasi bazasida tashkil bo‘lgan. Otam 1924 yilgacha xalq sudyasi lavozimida ishlab kelganligi haqida zamondoshlari ma’lumot berdi. Keyinchalik qarilik tufayli ishdan qolgan.
1937 yilning fevral oyida otamni to‘satdan qamoqqa olishgan va 75 yoshda 1937 yil may oyida Andijon turmasida vafot etgan. Men 1930 yilda tug‘ilib otamni qamalish sababini bilolmaganman. Ushbu arizam bilan otamni qamalishi sababini va uning so‘nggi vaqtda oqlanganmi yo‘qmi shu haqida ma’lumot berib, otam haqida to‘laroq yozishimga imkon berishingizni so‘rayman.”
Ana shu ariza bo‘yicha O‘zSSR Ministrlar Soveti huzuridagi Davlat xavfsizligi komitetining Andijon oblasti bo‘yicha katta tergovchisi kapitan Lыsenko tomonidan 1959 yil 5 sentyabrda arxiv tergov ishi bo‘yicha xulosa tayyorlagan. Xulosa O‘zSSR Ministrlar Soveti huzuridagi Davlat xavfsizligi komitetining Andijon oblasti bo‘yicha bo‘lim boshlig‘i A. Sыchev tomonidan tasdiqlangan. Bu hujjatga ko‘ra, 1937 yil 10 avgustda O‘zSSR NKVD huzuridagi Uchlik qarori bilan A’lamov Ubaydulla Mahsum Otaboy, To‘rayev Abbosxon to‘ra Ishoqxon To‘rayev, Jabborxon Sultonxonov, Umarali Jumaboyev, Dehqonboy Do‘smatovlar otuvga hukm etilganligi, hukm ijro etilganligi qayd etilgan.
Ularga sherik deb hisoblangan Akbarali Niyozov, Mo‘tabarxon Sultonxonovlar esa 10 yil muddatga mehnat-tuzatuv lageriga hukm qilinganligi bayon etilgan.
Xulosada yuqoridagi ayblanuvchilar asossiz hibsga olingani va sud qilinib, jazoga tortilgani asossiz ekanligi ko‘rsatilgan.
Rustambek SHAMSUTDINOV,
Andijon davlat universiteti tuzilmasidagi
Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyi direktori,
tarix fanlari doktori, professor.
Nigoraxon AKBAROVA,
Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyi xodimasi.
O‘zA