Kadrlar zaxirasi shakllantirilmoqda
Jizzaxda eng faol “mahalla yettiligi” a’zolari orasidan salohiyatli kadrlar zaxirasini shakllantirish maqsadida o‘tkazilayotgan bilim test sinovlarining ikkinchi bosqichi o‘tkazilmoqda.
Boshqaruv samaradorligi agentligi viloyat filiali tomonidan tashkil etilgan tadbir Prezidentimizning joriy yil 19 iyundagi “Davlat fuqarolik xizmatini yangi yondashuvlar asosida tashkil etish hamda professional va natijadorlikka yo‘naltirilgan davlat xizmatchilari korpusini shakllantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi farmoni 6-bandi ijrosiga qaratilgan. Unga ko‘ra, Jizzax viloyatining mahallalarida faoliyat ko‘rsatib, so‘nggi ikki yillik ish faoliyatida ijobiy natijalarga erishgan mahalla fuqarolar yig‘ini raisi, hokim yordamchisi, xotin-qizlar faoli, yoshlar yetakchisi, ijtimoiy xodim va soliq inspektorlaridan iborat salohiyatli kadrlar zaxirasi shakllantirilmoqda.

Test sinovlarining dastlabki bosqichida mahallalarda faoliyat yuritib kelayotgan “mahalla yettiligi” a’zolari (profilaktika inspektoridan tashqari) orasidan tuman va shahar hokimliklarining xulosalari asosida 160 nafar nomzod saralab olingan edi. Ana shu tanlov asosida zaxirani shakllantirishning ikkinchi bosqichi doirasida nomzodlar bilimi test sinovidan o‘tkazilmoqda.
Davlatmiz rahbarining yuqorida nomi zikr etilgan farmoniga muvofiq, kelgusida mazkur zaxiradagi nomzodlar Boshqaruv samaradorligi agentligi hamda uning hududiy filiallari tavsiyasiga asosan mas’ul lavozimlarga tanlovsiz tayinlanishi belgilangan.
A.Qayumov, O‘zA muxbiri