Kadastr sohasidagi muammolar bartaraf etilmoqda
Dronlarni boshqarishga bagʻishlangan taqdimot ishtirokchilarda alohida qiziqish uygʻotdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligi tomonidan “Kamera fokusida kadastr sohasi: tanishtiramiz, savollarga javob beramiz” mavzusida media-tur oʻtkazildi.
Toshkent viloyatida tashkil etilgan press-turning maqsadi kadastr sohasidagi yangiliklar, amalga oshirilayotgan loyihalar yuzasidan axborot, xizmatlarni yangi texnologik yechimlar boʻyicha atroflicha maʼlumotlar berish, fuqarolarning murojaatlari, muammolari boʻyicha ochiq, konstruktiv muloqot qilishga qartilgani bilan ahamiyatli boʻldi.
Media-tur ishtirokchilari avvaliga Toshkent shahar Yer tuzish va koʻchmas mulk kadastri davlat korxonasida boʻlib, davlat markazlaridan kelib tushgan arizalar qanday koʻrib chiqilishi va onlayn xizmatlar algoritmi boʻyicha maʼlumotlar oldilar.
– Muayyan xizmatlar toʻliq onlayn shaklga oʻtgan, galdagi vazifa esa fuqarolarda bunday xizmatlardan foydalanish koʻnikmalarini rivojlantirishdan iborat,– deydi Toshkent shahar Yer tuzish va koʻchmas mulk kadastri davlat korxonasi bosh muhandisi Nosir Latipov.– Bir oyda bajariladigan ishlarni endilikda besh ish kunida yakunlamoqdamiz. Bunda ish unumdorligi bir necha martaga ortib, qogʻoz sarfi ancha kamaydi. Insonlarning ham vaqti tejalmoqda.
Keyingi manzil Kartografiya ilmiy ishlab chiqarish davlat korxonasi boʻldi. Xaritalar ishlab chiqarish fabrikasida media tur ishtirokchilari “Oʻzbekiston Milliy Atlasi” ning ilk nusxasi va loyiha doirasidagi ish jarayoni bilan tanishdilar.
Qibray tumanida esa ishtirokchilar Toshkent viloyati kadastr boshqarmasi , “Geoinnovatsiya” DUK, “Geoinfokom”DUK, “Kartografiya Davlat kadastrlari, geodeziya va kartografiya milliy markazi”, “Oʻzdaverloyiha” DILI kabi tashkilotlarning taqdimotlari bilan tanishdilar.
Media-tur davomida OAV vakillari sohaga oid muammolar, qiziqarli faktlar va maʼlum bir vaziyatlarni oʻrganish, ularni tahlil qilish imkoniyatiga ega boʻldilar.
Qolaversa, fuqarolardan kelib tushgan shikoyatlarni koʻrib chiqish jarayoni, arxiv hujjatlarini raqamlashtirish va geobotanik tadqiqotlar bilan tanishdilar.
Dronlarni boshqarishga bagʻishlangan taqdimot ishtirokchilarda alohida qiziqish uygʻotdi.