Jurnalistlar faoliyatdan toʻxtamaydi
Hamma zamon va makonlarda ham insoniyat boshiga turli xavf-xatar va sinovlar tushgan.
Hamma zamon va makonlarda ham insoniyat boshiga turli xavf-xatar va sinovlar tushgan. Ayni kunda butun dunyo ahli – jamoatchiligini tashvishga solayotgan“Covid-19” virusi ham odamzod uchun ana shunday tahdidlardan biri, deyish mumkin. Buni xalqimiz “Yaratganning bir sinovi” deya qabul qilib, imkon qadar undan kam zararlangan holda oʻtish, boshqacha aytganda, kasallikni toʻliq bartaraf etish uchun birgalikda jiddiy kurashga kirishgan.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 3-aprel kuni xalqimizga qilgan navbatdagi murojaatida ham mamlakatimizda epidemiologik vaziyatni jilovlash, aholi salomatligini har tomonlama himoya qilish boʻyicha barcha choralar koʻrilayotganini alohida taʼkidladi.
Maʼlumki, karantin munosabati bilan yurtimizda bir qator tartib-qoida va cheklovlar joriy etilib, koronavirusdan himoyalanish uchun tegishli koʻrsatma va tavsiyalar berish borasidagi ishlar davom etmoqda. Ularga qatʼiy amal qilish, intizomli boʻlish, virus tarqalishi oldini olishga hissa qoʻshish, oʻz vazifalarimizni sanitariya-gigiyena talablariga toʻla-toʻkis rioya etgan holda, yanayam masʼuliyat bilan ado etish har birimizning fuqarolik burchimizdir.
Yurtimizda “Covid-19” virusi tarqalishini oldini olish ishlariga hissa qoʻshayotgan, jonini xatarga quyib boʻlsa-da faoliyat olib borayotgan turli soha va tarmoq ishchi-xizmatchilari orasida ommaviy axborot vositalari xodimlari – jurnalistlar ham bor. Bu – tabiiy hol. Negaki, axborot zamonida yashayapmiz, “koʻrinmas yov” vahimasi butun dunyoga yoyilgan shu chogʻda odamlarning tezkor, xolis va ishonchli axborotga boʻlgan ehtiyoji har doimgidan ham yuqori, uni qondirish esa har qachongidan ham muhim ahamiyat kasb etadi. Qolaversa, hayot bor ekan, jurnalist faoliyatdan toʻxtamaydi.
Davlat va nodavlat, markaziy va hududiy ommaviy axborot vositalari – gazeta va jurnallar, OAV sifatida roʻyxatdan oʻtgan veb-saytlar, telegramm va teleradiokanallar rahbar va xodimlari, vazirlik va tashkilotlarning matbuot xizmatlari masʼullari buni toʻgʻri tushungan holda, hamjihatlikda, asosan masofaviy tartibda ishlashni davom ettirmoqda.
Elu yurt koriga kamarbasta boʻlishga bel bogʻlagan bu ijodiy jamoalar aʼzolari Prezidentimiz hamda hukumatimiz tomonidan koronavirus infeksiyasiga qarshi olib borilayotgan chora-tadbirlar, davlatimiz rahbari qabul qilayotgan farmon va qarorlar, respublika maxsus komissiyasi qarorlari mazmun-mohiyatini aholiga sodda, xalqchil tilda yetkazish va tushuntirib berishga astoydil harakat qilmoqda.
Muayyan sohalar yetakchi mutaxassis hamda matbuot xizmatlari rahbarlari bilan hamkorlikda shu kunlarda oʻta dolzarb va muhim ahamiyatga ega masalalarga bagʻishlangan materiallar – maqolalar, eshittirish va koʻrsatuvlar, on-layn darslar, ijtimoiy roliklar tayyorlanib eʼlon qilib borilayotir, ayrimlari toʻgʻridan-toʻgʻri efirga uzatilmoqda. Matbuot nashrlari mutasaddilari oʻz obunachilariga gazetalarining elektron variantini ham taqdim etishni keng yoʻlga qoʻyayotir. Dunyo va yurtimizda roʻy berayotgan voqea-hodisalar haqida tezkor xabarlar, karantin paytida nimalarga qatʼiy rioya etish boʻyicha maʼlumotlar taqdim etilmoqda.
Bir qator teleradiokanallar, “Xalqaro press-klub”, “Yangi Oʻzbekiston” –“Pravda vostoka”, “Xalq soʻzi”–“Narodnoye slovo”, “Ishonch” – “Doveriye” singari gazetalar tahririyati, uza.uz, kun.uz, daryo.uz, qalampir.uz kabi veb-saytlar jamoalari bu borada faollik koʻrsatishga intilmoqda.
Darvoqe, hozir mamlakatimiz aholisining koʻp qismi asosiy axborotni qoʻlidagi mobil telefoni orqali olmoqda. Yurtdoshlarimizning internetdan, “Facebook”, “Telegram”, “Instagram” kabi ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish darajasi oʻsib borayapti. Shu oʻrinda aytish joiz, ayrim telegramm guruhlarda “Covid-19” bilan bogʻliq yolgʻon maʼlumotlar ham uchrab turibdi. Misol uchun,yaqinda samarqandlik Sh. I. telegramdagi “Toʻxtabozor” guruhiga ovozli xabar yoʻllab, goʻyoki Samarqand shahrida yashovchi bir tanishi koronavirusga chalingani haqida notoʻgʻri xabar beradi. Maʼlumotlarga koʻra, ushbu holat yuzasidan huquqbuzarga qonuniy jazo tayinlagan.
Albatta, tarqalgan bu kabi yolgʻon maʼlumotlar odamlar oʻrtasida asossiz vahima kelib chiqishiga sabab boʻladi. Shu bois ham bunday holatlarga nisbatan keskin choralar koʻrilmoqda.
Zinhor unutmasligimiz kerak, “Covid-19” virusi tarqalishini oldini olish, unga butunlay chek qoʻyilishiga barchamiz masʼulmiz. Har birimiz buni – masala mohiyatini teran anglab, qalban birlashib, tartib, aql va sabr-qanoat bilan, karantin qoidalariga qatʼiy rioya qilgan holda “koʻrinmas yov”ga qarshi kurashni izchil davom ettirishimiz lozim va shart. Zero, “Intilganga tole yor”, “Sendan harakat – mendan barakat” deya bejiz aytilmagan.
Xolmurod SALIMOV,
Oʻzbekiston Jurnalistlari ijodiy
uyushmasining raisi oʻrinbosari