Jurnalistlarga sertifikatlar topshirildi
Huquqiy savodxonlik va madaniyatni yuksaltirish har bir jamiyat hayotida muhim oʻrin tutadi
Joriy yilning 24-fevral – 6-mart kunlari Oʻzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Adliya vazirligi bilan hamkorlikda jurnalistlarning huquqiy bilimlarini oshirishga qaratilgan loyihani amalga oshirdi. Loyiha doirasida ommaviy axborot vositalarining huquqiy mavzuga ixtisoslashgan 17 nafar jurnalisti Yuristlar malakasini oshirish markazida tashkil etilgan oʻquv kurslarida tahsil oldi.
Huquqiy savodxonlik va madaniyatni yuksaltirish har bir jamiyat hayotida muhim oʻrin tutadi. Har bir kishi qayerda, qanday sohada ishlashidan qatʼiy nazar, huquqiy bilimlarnini oshirib borishi, oʻz sohasiga oid qonunlarni mukammal bilishi lozim. Ana shundagina u ish faoliyatida xatolarga yoʻl qoʻymaydi.
Jamiyatning ilgʻor kuchi va vijdoni hisoblangan jurnalist faoliyati uchun bu yana-da ustuvor ahamiyat kasb etadi. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri tomonidan 2019-yil 26-dekabrda tasdiqlangan Aholi va axborot sohasi subyektlarining huquqiy madaniyatini oshirish boʻyicha chora-tadbirlar dasturining 14-bandida “Huquqiy mavzularni yoritadigan jurnalistlarning, shuningdek, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari axborot xizmatlari rahbar va xodimlarining malakasini oshirish uchun Yuristlar malakasini oshirish markazida shartnoma asosida maxsus malaka oshirish kurslari tashkil qilish” koʻzda tutilgani ham buning dalilidir.
“Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” gazetasi bosh muharriri oʻrinbosari, taniqli jurnalist Baxtiyor Haydarov:
– Bu oʻquv kursi ayni vaqtida tashkil etilgan boʻlib, huquqiy mavzularni yoritadigan jurnalistlar uchun juda muhim deb bilaman. Chunki, prezidentimiz bugungi kunda olib borilayotgan islohotlarda jurnalistlar oʻrnini taʼkidlab, “professional jurnalistlar” degan soʻzlarga alohida urgʻu berdilar. Shunday yuksak eʼtibor va eʼtirofga munosib boʻlish uchun oʻquv kursini ahamiyati katta. Bugungi kunda har birimiz mojaroli xolatlarga duch kelyapmiz. Inson huquqlari buzilishi xolatlariga jurnalist shunchaki fikr bildirmasdan huquqiy bilimlari asosida masalaga yondoshsa, adolatni tiklanishiga hissa qoʻshsa, uning yozganlari ham aholi tomonidan, ham davlat idoralari tomonidan eʼtirof etiladi. Ana shunda jurnalistlarga boʻlgan munosabat tubdan oʻzgaradi va xalq orasida jurnalistlarning obroʻyi yana-da oshadi. Menimcha bu masala juda muhim hisoblanadi.
Fursatdan foydalanib ushbu kursni tashkil etgan Adliya vazirligi qoshidagi Yuristlar malakasini oshirish markazi va Oʻzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasiga oʻz minnatdorligimni bildiraman.
Joriy yil 24-fevraldan 6-martga qadar davom etgan malaka oshirish kurslari oʻquv dasturi doirasida taniqli nazariyotchi olimlarning “OAV faoliyatining huquqiy kafolatlari”, “Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan sud-huquq sohasidagi islohotlarning ustuvor yoʻnalishlari” modullari asosida ommaviy axborot vositasini taʼsis etish huquqi, Jurnalistning huquqlari va majburiyatlari, Oʻzbekiston Respublikasi jurnalistining chet eldagi va chet el jurnalistining Oʻzbekiston Respublikasidagi faoliyati, jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish konsepsiyasida koʻzda tutilgan asosiy yoʻnalishlar, korrupsiyaga qarshi kurashishda ommaviy axborot vositalarining ishtiroki kabi jurnalistik faoliyat uchun muhim boʻlgan mavzulardagi maʼruzalari tinglandi.
Moʻtabar Nurmuhamedova : (“Sevimli” telekanali muxbiri)
Biz juda koʻplab huquqiy terminlarni notoʻgʻri ishlatar ekanmiz.
Bu yerda oʻqish jarayonida ustozlarimiz bu masalalarga aniqlik kiritishdi. Toʻgʻrisi, koʻp narsa oʻrgandik.
Koʻpchiligimiz huquqiy mavzularni, xususan sud jarayonlarini yoritamiz. Sud organlari, yoki tergovchilar tomonidan xuquqlari buzilgan fuqorolarga ham duch kelamiz. Shunday paytda jurnalistning huquqiy bilimlari yetarli boʻlsa, mavzuni oʻrganib, adolatni tiklanishiga oʻz hissasini qoʻsha oladi. Shuning uchun ham ushbu kurs juda muhim deb oʻylayman.
Bugun malaka oshirish kurslari nihoyasiga yetdi va tinglovchilarning olgan bilimlari imtihondan oʻtkazilib, ularga sertifikatlar topshirishga bagʻishlangan marosim boʻlib oʻtdi. Sertifikatlarni Oʻzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Saʼdulla Hakimov va Yuristlar malakasini oshirish markazi direktori Anvar Raxmatov topshirib, jurnalistlarga kelgusi faoliyatlarida katta yutuqlar tiladilar.