Jurnalistlar yilni qanday o‘tkazdi?
Hosil mo‘l bo‘lsa ham, xirmon oz bo‘lsa ham muhokamaga sabab topiladi. Yutuqlar, kamchiliklar o‘rganiladi. Surishtiriladi. Tantana bo‘lsa ham, urush bo‘lsa ham kimdir ommaga to‘g‘ri ma’lumotni yetkazishi kerak.
Bugun bunday yuksak vazifani OAV vakillari o‘z bo‘ynilariga olgan. O‘zA muxbiri joriy yilda OAVning turli sohalarida fidoyilik bilan ishlagan faol jurnalistlarning ayrimlaridan yil sarhisobi, ortda qolayotgan yil haqidagi xotiralarini yozib oldi.
Xosiyat Rustamova, “Kitob dunyosi” gazetasi bosh muharriri:
– Yil yaxshi o‘tyapti. Maqtanishga arziydigan kitoblar o‘qidim. Shoir va yozuvchi do‘stlarim soni ko‘paydi. Xorijda beshta, o‘zimizda ikkita kitobim chop etildi. Kitoblarim yana ko‘plab tillarga tarjima bo‘ldi va bo‘layotganlari haqida eshitib turibman. Menimcha, yil ancha samarali bo‘ldi.
2021 yilning tugayotgani haqida o‘ylagim kelmayapti, chunki tugamagan ishlarim ko‘p, hali davom etayotgan orzularim bor.
Bu yil men AQSHning Ayova shtatida o‘qib qaytdim. Ayova orzu ham qilib bo‘lmaydigan orzum edi. Unda o‘qishning shunday shartlari borki, uni qilishdan ko‘ra, orzu qilmay qo‘ya qolasiz! Xullas, Ayova universitetining Xalqaro yozuvchilar tayyorlash dasturida o‘qib, ko‘p narsaga ega bo‘ldim.
Siyosatga aralashmayman. Shuning uchun ijodimda sokinlik, samimiylik bo‘lsa kerak. Har narsaga aralashishni yoqtirmayman. Amalga oshmaydigan narsalar haqida fikrlashdan ko‘ra, o‘zim bilan ishlash yaxshiroq. Ulgurolmayapman, shundoq ham vaqt tezda o‘tib ketyapti. Ochig‘i juda shoshyapmiz. Shoshyapman…
Nazokat Abduqunduzova, Innovatsion rivojlanish vazirligi axborot xizmati rahbari:
– 2020 yilning ayni shu kunlari ZF-UZ-VAC2001 vaksinasining 3-faza tadqiqotlarini O‘zbekistonda o‘tkazilishini e’lon qilib yurgan kezlarimiz edi. “Nima uchun Xitoy vaksinasi?”, “Bunday vaksina bilan o‘zlaring emlaninglar!”, “O‘zbeklar tajriba quyonimi?!” degan ta’nayu dashnomlar ostida qolib ketgandik. Rekombinant oqsil vaksinasining boshqa vaksinalarga nisbatan zararsizligi, u ikki faza sinovlardan o‘tgani, butun dunyoda shunday tadqiqotlar olib borilishi haqida tashviqot ishlari bilan shug‘ullandik.
Natijada 7 ming nafar ko‘ngilli ishtirokidagi tadqiqotlar muvaffaqiyatli yakunlanib, 2021 yilning mart oyida vaksinadan foydalanishga ruxsat berildi. Ommaviy vaksinatsiya boshlangandan keyin yana bosim kuchaydi, yozgi pandemiya xurujiga aynan emlash jarayonlarini faollashtirish orqali barham berildi va buni xalqimiz tushundi. Hozirda O‘zbekistonning 90 foiz aholisi aynan O‘zbekiston-Xitoy hammuallifligida yaratilgan ZF-UZ-VAC2001 vaksinasi bilan emlanganini, yurtimiz vaksina mustaqilligiga ega bo‘lganini, o‘zimizda vaksinani ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilganini g‘urur bilan aytishimiz mumkin.
Davlatimiz rahbarining irodasi, olimlarimizning izlanishlari tufayli minglab odamlarning joni omon qoldi, kasallik tufayli yuzaga keladigan ko‘plab patologik holatlarning oldi olindi. Sog‘lik – eng buyuk saodat, shunday ekan joriy yildagi eng katta yutuqlarimizdan biri bu tibbiyot, biotexnologiyalar sohasidagi olimlarimizning izlanishlari, tadqiqotlari tufayli koronavirusni yengish yo‘lida muvaffaqiyat qozonayotganimizdir.
Yana bir katta voqealardan biri bu “Bo‘lajak olim” tanlovining o‘tkazilishidir, nazarimda. Yurtimizda ilm-fanga e’tibor ijobiy tomonga o‘zgarganini hamma bilib, ko‘rib turibdi, olimlar uchun ilmiy ishlar uchun grantlar ajratilmoqda, ularning ishlanmalari tijoratlashtirilyapti, hududlarda faoliyat yuritayotgan ilmiy jamoalarga alohida e’tibor qaratilyapti. Shu o‘rinda yoshlarning ilm-fanga qiziqishini qo‘llab-quvvatlash, ularni rag‘batlantirish dasturi Yangi O‘zbekiston uchun ilmiy kadrlar yetishishiga xizmat qilarkan, “Bo‘lajak olim” tanlovining ahamiyati beqiyos. May oyida e’lon qilingan tanlov yakunlariga ko‘ra umumiy qiymati 11,6 milliard so‘mga teng bo‘lgan 25 ta startap loyiha hamda 48 ta ilmiy g‘oya moliyalashtirildi.
2022 yilda ham bu tanlov davom etadi. Yoshlarimiz mana shu va boshqa tanlovlarda yanada faolroq ishtirok etishlarini kutib qolamiz. 2021 yilda Innovatsion hududiy boshqarmalar tashkil etildi. Endi hududlardagi olimlar, kashfiyotchilar, innovatorlar o‘z g‘oyalarini amalga oshirish uchun poytaxtdagi mutaxassislarga murojaat qilishlari shart emas.
Ularni joylarda eshitadigan, amaliy yordam beradigan mas’ullar bor. O‘zbekistonning Global innovatsion indeksida 7 pog‘ona ko‘tarilgani, doktoranturaga qabul kvotalarining oshgani ham e’tiborga loyiq voqealardan bo‘ldi.
Yaqindagina Prezidentimizdan tabrik oldim. Yangi yil bilan 18 yoshgacha nogiron farzand tarbiya qilayotgan onalarga tabrik va pullik sovg‘a berilgan ekan, men ham shular qatorida bo‘lganim bois bu ajoyib tabrikdan ko‘nglim ko‘tarildi. Sovg‘ani esa yozdagi navbatdagi oilaviy sayohatimiz uchun yig‘ilayotgan pulga qo‘shib qo‘ydim. Meni Prezident tabrigiga nasib qildirgan kenja o‘g‘limning stoliga xarita yoyilgan, kuniga globusni aylantirib, har yoz qayerga borishimizning rejasini tuzadi. Gap shundaki, 2021 yilda birinchi marta oilaviy xorijga sayohatga chiqdik. Ish bilan borish boshqa, oila davrasida dam olishning gashti o‘zgacha bo‘larkan. Oilaviy xursandchiliklarimizdan yana biri – to‘ng‘ich o‘g‘lim diplom ishini topshirib, “Revizor” spektaklida bosh rol — hokim rolini maromiga yetkazib ijro etganidir.
Bu yilgi men uchun muhim voqea – O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasiga a’zo bo‘lganim. Kelgusi yil aynan shu uyushma a’zosi sifatidagi faoliyatimga ko‘proq ahamiyat berishim kerak.
Feruz Muhammad, yutubdagi “Intervyu TV” kanali loyihasi asoschisi:
– 2021 yilda esda qoladigan voqea birinchi marotaba oilam va farzandim bilan saylovga qatnashdik. Siyosiy jarayonlarda oilam bilan ishtirok etish ham kishini ruhlantirar ekan.
Yaqindagina O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi tomonidan yutubdagi “Intervyu TV” loyihamiz yutub tarmoqlarida faol kanal sifatida e’tirof etilib, “Yil kanali” deya topildi. Bu meni g‘oya muallifi va tashkilotchi sifatida mamnun etdi.
Ortda qolayotgan yilda va shu paytgacha meni qo‘vontiradigan narsa yoqtirgan mashg‘ulotim bilan shug‘ullanayotganimdir. O‘zi juda tavakkalchi va moslashuvchanman. Ulkan rejalar qo‘yadigan odam emasman. Bugun reja qilganimni bugunning o‘zida bajarishga harakat qilaman. Ortda qolayotgan yilda, deyarli barcha rejalashtirgan ishlarimni bajardim, deb o‘ylayman. Amalga oshirgan va oshirolmagan niyatlarim ham yo‘q emas, albatta. Ularni ham to‘la to‘kis ado etishga Yaratgandan kuch so‘rayman. Yaxshi intervyular qilish niyatimiz bor.
Kanalimiz obunachilari bir milliondan oshdi. Kanalni endi ochgan vaqtimizda dunyo miqyosida ham o‘sha paytda 1 million obunachisi bo‘lgan kanallar juda ko‘p edi. O‘zbekistonda bu narsa imkonsizdek tuyulgandi. Ortda qolgan yil hayotim mobaynida ilk katta loyihamning ilk yutuqlari amalga oshgan yil sifatida ham muhrlanadi.
Otabek Isroilov, O‘zJOKU talabasi:
– Umrimizning o‘tib borayotgan har lahzasi, har daqiqasi qadrli, qadrdon bo‘lishi kerak, deb bilaman. Bizdan soniya sayin olislab, tarixning bir sahifasiga aylanayotgan 2021 yil yaxshi-yomon, quvonchli va o‘ksik hodisalar bilan o‘tdiyu, ketyapti. Agar o‘ng ko‘z bilan ser solsak, o‘tgan yilimizdan rozi bo‘lamiz. Aslini olganda, rozi bo‘lish uchun loyiq yashadik, chamamda.
Hozir jamoatchilik gazetalar kerakmi yo yo‘q, degan savolga javob axtarib, qizg‘in bahsga kirgan palla. Axir, obuna mavsumida! O‘tgan yili obuna targ‘ibotidagi sustligimiz yo parishonxotirligimiz boismi, ehtimol, gazetamiz muassisining aybi bilanmi, qariyb bir oy gazeta chiqmadi. 2021 yil hisobidan “Mash’al” gazetasining 1-soni 29 yanvarda bosmadan chiqdi. Ammo mushtariylarimizdan qarz qolmadi – yil mobaynida 52 ta sonni ham taqdim etdik va bayram arafasida shu yil hisobidan so‘nggi sonimiz mash’alxonlar xonadoniga yetib boryapti. Bu yil tashviqotga qattiq kirishdik. Nasib bo‘lsa, yangi yilda mushtariylarni bir oy kutdirmaymiz.
Ochig‘i, bemor uchun hapdori ichish qanchalar majburiy bo‘lsa, ma’rifati oqsoq, saviyasi sayoz millat uchun gazeta va jurnal, kitob o‘qish, umuman olganda, mutolaa shunchalar majburiydir. Inchunin, dard bilan uzoq yo‘l bosib bo‘lmaydi. Bizning oldimizda esa yangi O‘zbekistonni barpo etish, Uchinchi Uyg‘onishga poydevor yaratishdek tarixiy vazifa turibdi. Quvonarlisi, gazeta-jurnal kerak emas, deya bong urilayotgan bir vaqtda mamlakatimizdagi barcha umumiy o‘rta ta’lim maktablari va kutubxonalarga “Jahon adabiyoti”, “Sharq yulduzi”, “Tafakkur” kabi jurnallar beminnat yetkazila boshlandi.
O‘zim ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchilik qilayotgan O‘rta Chirchiq tumanidagi 40-maktab o‘quvchilari, ayniqsa, “Tafakkur” va “Sharq yulduzi”ni sevib o‘qiyaptilar. Bolalarni ma’rifatdan bebahra qoldirib, Yusufbek hoji ta’biri bilan aytilsa, Tangri taoloning qahriga mustahiq bo‘lib qolmaylik!
Yangi yil uchun vazifa – har bir maktabga “G‘uncha”, “Gulxan” va “Yoshlik” jurnallarining uzluksiz yetib borishini ta’minlash. Zotan, bo‘lar ekanku! Maktabga gazeta, jurnal kerak ekanku!
Matbuotning har qanday yutug‘ini muvaffaqiyatim sifatida baholayman va bil’aks. Matbuotsizlik, matbuotsiz jamiyat taraqqiyotdan mahrumdir. Shuning uchun ham erkin matbuot bizga kerak. Matbuotimiz sarhadlarida yangi tonglar otayotgan ekan, yangi yildan umidim ham katta.
Bu yilni sarhisob qilish mobaynida yuzda mamnun tabassum balqishi tabiiy. Ayniqsa, respublika yosh ijodkorlarining an’anaviy Zomin seminaridagi ishtirokim, turli tanlovu festivallardagi yutuqlardan ota-onam, yaqinlarimning quvonchi cheksiz. Yangi yil ham yangiyu yaxshi xabarlar bilan bizni xushnud etishiga ishonaman.
Darvoqe, yana rozilik haqli. Aslida, ona O‘zbekistonda dunyoga kelganimizning o‘zi bir inoyat. G‘animat bo‘lgan umrimizning, hayotimizning har lahzasi go‘zal. Go‘zallik istasak, go‘zal axtarsak, olam ham go‘zallashib boraveradi.
Men 2021 yildan roziman! Yilimiz ham mendan rozi bo‘lsin!
O‘zA muxbiri Dilobar Mamatova
yozib oldi