Jurnalistlar uchun tibbiy ko‘rik
Andijonda jurnalistlar, ommaviy axborot vositalari xodimlari hamda soha faxriylari uchun tibbiy ko‘rik tashkil etildi.
27 iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi, O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi viloyat bo‘limi tomonidan Andijon shahar ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasida tashkil etilgan tibbiy ko‘rikda matbuot tizimi xodimlari, faxriylari o‘z salomatliklarini tekshiruvdan o‘tkazdi.
– Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi ko‘magi bilan o‘tkazilgan ko‘rikka terapevt, kardiolog, oftalmolog, lor, travmatolog, dermatolog, xirurg, urolog singari o‘nga yaqin yo‘nalishlar bo‘yicha malakali shifokorlar, 20 nafardan ziyod hamshiralar jalb etildi, – deydi Andijon shahar ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasi shifokori Havasxon Nurmatova. – Bundan tashqari, ijodkorlar qon tahlili, rentgen, UZI, EKG tekshiruvlaridan ham o‘tkazildi.
Poliklinikada tibbiy ko‘rikni yuqori saviyada o‘tkazish uchun zarur sharoitlar yaratib berildi. Malakali, shirinso‘z shifokorlarning xizmatidan ijod ahli mamnun bo‘ldi.
– Tibbiy ko‘rik shifokorlarning ijodkorlarga bayram tuhfasi bo‘ldi, – deydi “Jalaquduq hayoti” gazetasi muharriri Shukrullo Xayitoxunov. – Eng asosiysi, salomatligimizni nazoratdan o‘tkazib, kerakli xulosalar oldik. Shu o‘rinda ijod ahliga ko‘rsatilgan e’tibor uchun viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi rahbarlariga, ko‘rik tashkilotchilariga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman.
Ko‘rik jarayonida 40 nafarga yaqin jurnalist va soha faxriylari tibbiy tekshiruvlardan o‘tkazildi. Tibbiy ko‘rik davomida zarur tavsiya va maslahatlar, davolanish uchun yo‘llanmalar berildi.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov,O‘zA