Jurnalistlar haqida film yaratildi
Poytaxtimizdagi "Renessans kino uyi"da "Yoshlik" kinostudiyasi tomonidan tasvirga olingan “Jurnalist” badiiy filmining yopiq taqdimot marosimi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur badiiy filmda yosh va shijoatli jurnalist Ra’no ismli qizning adolatsizlikka qarshi kurashi haqida hikoya qilinadi.
Yosh jurnalist o‘zini isbotlash ilinjida muhim ishga qo‘l uradi va oddiy ko‘ringan voqea ortida katta jinoiy tizim yashiringanini anglaydi. Bosim va tahdidlarga qaramay, u shov-shuv uchun emas, adolat va inson taqdiri uchun kurashish zarurligini tushunib yetadi...
Gazetada muharrir bo‘lib ishlaydigan Ra’no adolat izlab kelgan otaxonga yordam berishga qaror qiladi va o‘zi jinoyat bo‘yicha surishtiruv o‘tkaza boshlaydi. Uning kursdosh do‘sti, sobiq bloger Rustam bilan birgalikda uzoq viloyatlardan birida olib borgan surishtiruv jarayonida ular katta hajmdagi ko‘zbo‘yamachiliklarni fosh qiladi. Bu holat hududdagi katta ta’sirga ega bo‘lgan G‘olibbek Olmosov va uning odamlariga zarar keltirishi mumkin edi.
Olmosovning yordamchisi Lochin Ra’noga jim turishi evaziga katta miqdorda pul taklif qiladi va unga tahdid qila boshlaydi. Ra’no o‘z vijdoni va qo‘rquvlari o‘rtasidagi kurash girdobida qoladi…

Ssenariy davomida Ra’no jabrlanuvchi bir qizning taqdiri va Olmosovning jiyani Asfandiyorning jinoiy ishlarini o‘rganadi. Voqealar rivojida tezkor xodim Jasur ham paydo bo‘ladi, u Ra’no va Rustamdan Olmosovga qarshi dalillar to‘plashda yordam so‘raydi. Ra’no va Rustam kuzatuv, ta’qib ostida qolishadi, ammo jurnalist qiz Ra’no o‘z ishini oxirigacha yetkazishga qaror qiladi.
Ushbu badiiy film haqiqat va adolat uchun kurash, jurnalistikaning jamiyatdagi o‘rni, inson vijdonining korrupsiya va qo‘rquv ustidan qozongan g‘alabasi xususidagi filmdir.
N.Usmonova, O‘zA