Jurnalistlar faoliyati sarhisob qilindi
Guliston shahridagi Hunarmandlar maskanida O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Sirdaryo viloyati bo‘limining o‘tgan besh yillik faoliyatiga bag‘ishlangan hisobot-saylov yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi vazifasini bajaruvchi Shuhrat Orif, viloyat hokimi o‘rinbosari Otabek Mavlonberdiyev, viloyat bo‘limi a’zolari, faxriy jurnalistlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi.


Besh yil jurnalistika uchun oddiy vaqt birligi emas, balki kasbiy shakllanish, tajriba to‘plash va ijodiy pozitsiyani mustahkamlash davri hisoblanadi. Sirdaryo jurnalistlari uchun ushbu yillar izlanish, yangilanish va ijodiy o‘sish bosqichi bo‘ldi.
Yig‘ilishda jurnalistlarni qo‘llab-quvvatlash, yosh kadrlarni tayyorlash va media sohasini rivojlantirish borasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan Nazorat-taftish komissiyasi raisi Ravshanbek Mahmudov hamda Suyun Namozovning hisobotlari tinglandi. Shuningdek, viloyat bo‘limi raisi Boyjigit Abdullayev so‘nggi besh yilda amalga oshirilgan ishlar haqida axborot berib, raqamlar ortida keng ko‘lamli islohotlar va kasbiy rivojlanish jarayonlari mujassam ekanini ta’kidladi.


Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu davrda bo‘lim a’zolari soni 65 nafardan 91 nafarga yetdi. Bu jurnalistik muhit kengayib borayotgani, sohaga yangi avlod ijodkorlari kirib kelayotgani va qiziqish ortib borayotganini ko‘rsatadi. Shu davrda 7 nafar yangi a’zo qabul qilinib, 5 nafar yosh jurnalist a’zolikka tavsiya etildi.
Besh yil davomida jurnalistlarning kasbiy salohiyatini oshirish, amaliy tajribalarni mustahkamlash va ijodiy dunyoqarashni kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi. Viloyat bo‘yicha 60 dan ortiq mediatur, 100 dan ziyod mahorat darsi va trening, 30 dan ortiq ijodiy tanlovlar tashkil etildi. Bu tadbirlar jurnalistikada nazariya va amaliyot uyg‘unligini kuchaytirishga xizmat qildi.

“Sardoba fojiasi oqibatlari va tiklanish jarayonlari”, “Yangi Sirdaryo – yangi imkoniyatlar”, “Suv xo‘jaligi va infratuzilma islohotlari” mavzularidagi mediaturlar jurnalistlarni bevosita voqelik bilan ishlash madaniyatiga yaqinlashtirdi. Shuningdek, Samarqand, Jizzax, Namangan va Toshkent viloyatlari hamda Tojikiston Respublikasining Xo‘jand shahriga uyushtirilgan safarlar hududlararo kasbiy hamkorlikni mustahkamladi.
Jurnalistika nafaqat ijodiy faoliyat, balki ijtimoiy mas’uliyat hamdir. Hisobot davrida 200 nafardan ortiq jurnalist va faxriylarning holidan xabar olindi, 90 nafar ijodkor turli sovg‘alar bilan taqdirlandi, 14 nafar faxriy jurnalist sayohatlarga yuborildi, 30 nafar jurnalist tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi, 7 nafar ijodkor va faxriylar yubiley sanalari munosabati bilan e’tirof etildi. Bu ishlar sohada ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tizimi mustahkamlanayotganini ko‘rsatadi.


Sirdaryo jurnalistlari so‘nggi yillarda respublika va xalqaro miqyosdagi ijodiy tanlovlarda ham faol ishtirok etishdi. “Oltin qalam” milliy tanlovi hamda “Eng ulug‘, eng aziz” kabi nufuzli musobaqalarda sovrinli o‘rinlar qo‘lga kiritildi. Shuningdek, “Yilning eng faol jurnalisti”, “Eng kitobxon jurnalist”, “Eng faol bloger”, “Eng ibratli jurnalist oilasi” kabi nominatsiyalar ijodiy rag‘bat muhitini yanada kuchaytirdi. Bir qator jurnalistlar davlat mukofotlari, orden va medallar bilan taqdirlanishdi.
Muhokama qilingan masalalar yuzasidan uyushma a’zolari — O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalistlar Aliqul Xonimqulov, Xolida Pardaboyeva, “Yangi Sirdaryo” gazetasi bo‘lim mudiri Muhammadali Ahmedov, faxriy jurnalist Tog‘aymurod Ortiqov, Bahor Xolbekova, “Xalq so‘zi” muxbiri Ahmadali Shernazarov hamda “Guliston yangiliklari” gazetasi bo‘lim mudiri Bahodir Rahmonlar o‘z fikr-mulohazalarini bildirishdi.


Yig‘ilishda viloyat bo‘limi raisi Boyjigit Abdullayev o‘z arizasiga muvofiq lavozimidan ozod etildi. Yig‘ilish qaroriga ko‘ra, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Sirdaryo viloyati bo‘limi mas’ul xodimi Dilorom Ismadiyorova viloyat bo‘limi raisi vazifasini bajaruvchi etib saylandi. Uning nomzodi yig‘ilish ishtirokchilari tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.

Shu munosabat bilan Boyjigit Abdullayevning 55 yillik samarali ijodiy faoliyati hamda uyushma tizimidagi ko‘p yillik xizmatlari yig‘ilish ishtirokchilari tomonidan yuksak e’tirof etildi. Unga esdalik sovg‘alari topshirilib, zarbof to‘n kiydirildi.

Shundan so‘ng yig‘ilish ishtirokchilari Nazorat-taftish komissiyasining moliyaviy-xo‘jalik faoliyati bo‘yicha hisobotini ma’qullashdi. Kun tartibiga muvofiq bo‘lim boshqaruvining yangi tarkibi tasdiqlandi, 2026–2030-yillarga mo‘ljallangan “yo‘l xaritasi” qabul qilindi hamda O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasining navbatdagi konferensiyasiga delegatlar saylandi.

Yakunda viloyat Jurnalistlar uyushmasi kelgusi faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari belgilab olindi. Shuningdek, raqamli jurnalistikani rivojlantirish, yosh kadrlar ulushini oshirish, media savodxonlikni kuchaytirish va hududlararo hamkorlikni yanada kengaytirish vazifalari borasida ham bir to‘xtamga kelindi.
G‘ulom Primov, Umid Obidjonov (surat) O‘zA