Jurnalistika uchun tug‘ilgan inson...
O‘zbekiston milliy matbuot markazida adabiyotshunos olim, O‘zbekiston yozuvchilar, jurnalistlar ijodiy uyushmalari a’zosi, "Oltin qalam" mukofoti sovrindori Saydi Umirov xotirasiga bag‘ishlangan "Saydi Umirov zamondoshlari xotirasida" nomli kitob taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Tadbir Saydi Umirov hayotiy, ilmiy, ijodiy va pedagogik faoliyati aks etgan video xotiralar bilan boshlandi.

Tadbirda so‘zga chiqqan professor olimlar, fan nomzodlari, dotsentlar hamda shoir va yozuvchilar Saydi Umirov – talabalarning mehribon ustozi, samimiy maslahatgo‘yi, beg‘araz suyanchig‘i degan ta’rif va tashbehlar bilan ustoz xotirasini yod etdilar.
– Saydi Umirov bilan o‘tgan har bir kunda nimadir o‘rganardim, – deydi O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti, jurnalistika fakulteti dekani Amrullo Karimov. – Jurnalistika nazariyasini talabalarga o‘rgatish bilan birga, amaliyotda ham ilg‘or, ko‘rganlaridan dur va samimiyat qidiradigan inson, taniqli publitsist, yetuk olim, qator ilmiy va publitsistik maqolalar muallifi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi Saydi Umirov bizga doim namuna edi. Gap qaysi mavzuda ketmasin, domladan mavzuga daxldor misol istalgancha bor. Ta’bir joiz bo‘lsa, ustozni «tirik ensiklopediya» deb ta’riflash mumkin edi. Saydi Umirov har narsadan ezgulik qidiradigan, har qanday o‘zgarishni samimiyat bilan qarshi oladigan dilkash inson edi.
– Saydi aka bilan bo‘lgan uchrashuvlarda har bir ibratli so‘z biz bo‘lg‘usi jurnalistlar fikrining rivojlanishiga turtki beradi, – deydi "Mehnat shuhrati" ordeni, "Oltin qalam" milliy mukofoti sovrindori Halim Saidov. – Shunday davralarda Saydi akaning o‘rni alohida bo‘lardi. Goh biror jurnalist ijodining betakror qirralari haqida gapirib talaba- jurnalistlarga savob berardi. Saydi aka talabalarning haqiqiy do‘sti edi, imkoni boricha yordamini ayamasdi.
O‘z davrida shov-shuvga sabab bo‘lib o‘qishdan haydalgan, ustozning ko‘magi bilan yana talabalikka tiklanib, bugun hayotda o‘z o‘rnini topganlar ham talaygina.
Muxlisa A’zamova,
O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti talabasi