Jurnalist va blogerlar Yozyovonda
FOTOREPORTAJ
Farg‘ona viloyatining Yozyovon tumani yildan-yilga salohiyati o‘sib, turli jabhalarda pog‘onama-pog‘ona rivojlanish sari dadil ildamlayapti. Ushbu o‘zgarishlarni ko‘zdan kechirish maqsadida respublika va viloyat ommaviy axborot vositalari vakillari va blogerlar tumanga tashrifi buyurdi.
Press-tur ishtirokchilari dastlab vodiyda yagona bo‘lgan “Ibrohimov Doston fayz” baliqchilik oilaviy klasterida bo‘ldi.
– Avvallari baliqchilik xo‘jaligini tashkil etish juda qiyin bo‘lgan, – dedi klaster rahbari Erkin Ibrohimov. – 2017 yildan keyin baliqchilikni rivojlantirish bo‘yicha Prezidentimizning qator qarorlari chiqdi. Ushbu hujjatlar ijrosi doirasida yaratilgan imkoniyatlardan kelib chiqib, tumanda intensiv baliq yetishtirishga kirishdik. 2018 yilda intensiv usulda baliq boqishni o‘rganish maqsadida xorijda ham bo‘lib qaytdim. Hozirda Xitoy texnologiyasi asosida ish olib boryapmiz. 37 sotix joyda 20 tonna baliq yetishtirishni mo‘ljallab turibmiz. Dastlab baliqlarni suvga tashlaganimizda 130 gramm kelardi. Mavsumga qadar 1,5 kilogrammga yetkazishni ko‘zlayapmiz. Hozirda maxsus hovuzlarimizda mahalliy laqqa, Afrika laqqasi va baliqchilikda yangilik bo‘lgan telyapa balig‘ini parvarishlayapmiz. Bu baliq tibbiyotda shifobaxshligi bilan mashhur. Eronliklar bilan hamkorlikda ish olib boryapmiz. Ular biz yetishtirgan baliqni qayta ishlab, bozorbop mahsulotlar ishlab chiqaradi. Xullas, kelgusidagi niyatlarimiz ulkan. O‘z mahsulotlarimiz bilan Yozyovonni dunyoga tanitmoqchimiz.
Press-turning keyingi manzili hududdagi fermer xo‘jaliklari bo‘ldi. Ishtirokchilar qovun-tarvuz, shaftoli, uzum parvarishlash jarayoni bilan tanishdi.
Tuman hokimligi Axborot xizmati majlislar zalida o‘tgan matbuot anjumanida tuman hokimi Dilshod Jalilov “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” bo‘yicha olib borilayotgan ishlar xususida so‘z yuritdi.
– Tumandagi 33 ta mahallada 20989 nafar yoshlar bilan birma-bir muloqot qilib, ulardan 2273 nafarini “Yoshlar daftari”ga kiritgandik, - dedi tuman hokimi. – Bugungacha ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida yoshlarning 78 nafari ushbu ro‘yxatda qoldi, xolos. Daftardan chiqarilgan 535 nafar yosh doimiy ish o‘rni bilan ta’minlandi. 102 nafariga 1 milliard 300 million so‘m kredit ajratildi. 254 nafariga ijara asosida yer berildi. 150 nafar yoshga o‘zini o‘zi band qilishi uchun mehnat qurollari va uskunalar olib berildi. 20 nafar yoshni haydovchilikka o‘qitish uchun “Vatanparvar” tashkilotiga 34 million 500 ming so‘m o‘tkazib berildi. “Temir daftar”da turuvchi oliy o‘quv yurtida o‘qiydigan 3 nafar talabaning umumiy miqdorda 13 million 290 ming so‘m shartnoma mablag‘i to‘lab berildi.
[gallery-3147]
Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA